Bugun hayotimizni axborot texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Axborot texnologiyalari va raqamlashtirish barcha soha va tarmoqlarga jadal kirib bormoqda. Bu borada “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ishlab chiqilib, unda sohadagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Bugungi kunda ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasida ko‘plab davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazildi. Jumladan, 2025 yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 54 ta yangi elektron xizmatlar joriy etilib, jami xizmatlar soni 761 taga yetkazilgan.
Bu haqda parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda aytib o‘tildi. Unda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 2025 yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligining axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 2025 yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025 yil yanvar — may oylarida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari o‘sish sur’ati 123,5 foizni tashkil etdi. AKT sohasida o‘zini-o‘zi band qilganlar soni deyarli 100 ming nafardan oshdi. IT va masofaviy xizmatlar eksporti geografiyasi ham kengaytirilib, 90 dan ortiq davlatlarga xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Yig‘ilishda keyingi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarining O‘zbekistondagi rivojlanish darajasi xususida ham so‘z yuritildi. Ma’lum qilinishicha, vazirlik tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida sun’iy intellektga asoslangan 1 million dollar miqdoridagi yuqori samarali, zamonaviy server qurilmalari (GPU klaster) xarid qilingan.
Shuningdek, Toshkent metropolitenida sun’iy intellekt tizimining kompyuter nigohiga asoslangan “MyID Palm” kaft orqali to‘lov tizimi joriy etilgan. Bundan tashqari, Strategiyaga muvofiq, 100 dan ortiq loyihalar ro‘yobga chiqarilgan.
Muhokamalarda deputatlar yagona portalda yangi elektron xizmatlar joriy etish orqali ularning sonini oshirish, sun’iy intellektga asoslangan dasturlarni ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan yuqori samarali, zamonaviy server qurilmalarini ishga tushirish kabi masalalarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar.
“Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida samarali amalga oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA