Bugungi kunda mamlakatimizda IT sohasidagi oliy ta’lim muassasalari soni 60 tadan oshdi. Ularda tahsil olayotgan talabalar soni 50 mingdan ziyod.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Yoshlar bandligi dasturlari” ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi brifingda bu bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi.
Vazirlik tizimidagi IT oliy ta’lim muassasalari, masalan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inxa va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassislik bo‘yicha 29 ming nafardan ortiq oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, 2022 yilda “EPAM Systems” xalqaro IT kompaniyasi bilan hamkorlikda birinchi onlayn shakldagi “IT Park University” raqamli universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, Qorako‘l IT-klasterini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5 iyuldagi qarori qabul qilindi. Ushbu klasterda 2023/2024 o‘quv yilidan IT yo‘nalish bo‘yicha Buxoro viloyatida Hindiston bilan hamkorlikda Acharya universiteti tashkil etildi.
—Bugungi kunga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlarga 370 dan ortiq yosh ishga qabul qilindi, — deydi raqamli texnologiyalar vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Fazliddin Anvarov. — Yoshlarning IT ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish va ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichini amalga oshirish maqsadida yoshlarga uzbekcoders.uz platformasi orqali AQSHning “Coursera” kompaniyasining onlayn ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Ushbu loyiha doirasida 2023–2025 yillarda 1,2 million nafar yosh 8 ta yo‘nalishdagi onlayn kurslardan bepul ta’lim olish imkoniga ega bo‘lishadi.
Bugungi kunda uzbekcoders.uz sayti orqali “Coursera” platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilar soni 316 ming 325 nafar, ulardan 314 ming nafari aktiv o‘qiyotgan o‘quvchilar hisoblanadi. O‘quvchilarning 162 ming 901 nafarini erkaklar, 153 424 nafarini ayollar tashkil etadi.
IT sohasidagi o‘quv kurslarida tahsil olayotgan yoki ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafardan ortiq yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratildi.
Aholining raqamli ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 400 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularda hozirgi kunga qadar 195 ming nafardan ortiq tinglovchilar malakasini oshirdi. Shundan, 39 ming nafardan ortig‘i davlat xizmatchilaridir.
Shuningdek, tadbir davomida iqtidorli yoshlarni saralash, qo‘shimcha o‘qitish hamda xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimini joriy etish yuzasidan qilingan ishlar xususida ham fikrlar bildirildi.
N.Rahmonova, O‘zA