Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-Park tomonidan Dubay shahrida “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni vazir Sherzod Shermatov o‘z nutqi bilan ochib berdi.
Undan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda IT sohasida davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlar bilan xorijiy biznes vakillarini tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilgani, 2024 yil 1 iyundan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga Markazda xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejim eksperiment tariqasida joriy qilingani aytib o‘tildi.
Tadbirga BAA va Yaqin Sharqning AKT sohasida faoliyat yuritayotgan 57 ta kompaniya vakillari tashrif buyurdi.
Tadbir davomida "Kanoo Group" kompaniyasi boshqaruv direktori, “Amity Group” korxonasi vitse-prezidenti, “IDA Ireland”ning Yaqin Sharq mamlakatlari bo‘yicha maslahatchisi so‘zga chiqdi.
Ular O‘zbekiston hukumatining biznesni yuritishga ko‘magi, yoshlarning salohiyati va IT-Park hududida barpo etilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir davomida o‘z eksport salohiyatini yanada oshirish istagi bilan tashrif buyurgan IT-Parkning 7 ta rezidenti hamda ularning xizmatlariga qiziqish bildirgan kompaniya rahbarlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil qilindi.
Tadbir ishtirokchilari joriy yilning mart oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Outsourcing Tour” tadbiriga taklif etildi.
N.Rahmonova, O‘zA muxbiri.