Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning davlat ishlari va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, ularning mavqeini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha jabhada xotin-qizlar ulushini kengaytirishga qaratilgan ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, bugun milliy parlamentimizda deputatlik o‘rinlarining 32 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu borada xalqaro tajribaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ayollar uchun kvotalar Yevropa davlatlarida 40-50 foiz, MDH davlatlarida 25-30 foiz atrofida belgilangan. Rossiya, Belarus va Tojikistonda esa ayollar uchun kvotalar nazarda tutilmagan. Armanistonda 25 foiz, Qozog‘istonda ayollar bilan birgalikda yoshlar va nogironlar 30 foiz, Qirg‘izistonda esa nomzodlarning ko‘pi bilan 70 foizi bir jins vakili bo‘lishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Mazkur masalani o‘z ichiga olgan qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilinib, qator takliflar o‘rtaga tashlandi, fikr-mulohazalar bildirildi. Deputatlar mazkur qonun loyihasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalar ijrosiga, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ayollarning to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatovga respublika aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA