Ostona shahridagi Mustaqillik saroyida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida navbatdagi VIII Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi ish boshladi.
“Dinlar muloqoti: kelajak yo‘lida sinergiya” shiori ostida o‘tayotgan mazkur xalqaro tadbirda 60 mamlakatdan yuzdan ziyod delegatsiya, jumladan jahon dinlari yetakchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, siyosatshunos hamda jamoat arboblari ishtirok etmoqda.
2003 yil o‘tkazilgan ilk anjumanda Ostonaga 13 davlatdan 17 delegatsiya kelgan edi. Vaqt o‘tishi bilan tashabbus barqaror an’anaga aylandi va bugungi kunda 22 yillik tarixga ega nufuzli yig‘in sifatida tanildi.

Forum faqat fikr almashish maydoni emas, balki muhim qarorlar qabul qilinadigan xalqaro minbardir. Muhokama mavzulari keng qamrovli – dinlararo anglashuvni mustahkamlash, diniy ekstremizm va radikalizmning oldini olish, madaniyatlararo ko‘prik barpo etish, global tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shish.
Bu galgi qurultoy dasturidan ham dinning global tinchlikni mustahkamlashdagi o‘rni, diniy bag‘rikenglik va ekstremizmning oldini olish masalalari joy olgan. Shuningdek, raqamli texnologiya va sun’iy intellektning din sohasiga ta’siri ko‘rib chiqilishi ham muhim ahamiyatga ega.

Anjumanni ochib bergan Qozog‘iston yetakchisi dunyoda geosiyosiy vaziyat keskinlashib, nizolar ko‘payib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, jahondagi iqlim o‘zgarishi muammosini ko‘tardi.
– Tarixan shakllangan bag‘rikenglik, hamjihatlik va ochiqlik an’anasi bugun xalqimizning tinchlikparvar va me’yoriy tashqi siyosatida ham aks etmoqda, – dedi Toqayev. – Ayni siyosat ishonch, muloqot va hamkorlik tamoyiliga asoslangan. Ishonamanki, bunday qadriyat barcha millat va davlatlar uchun ahamiyatga ega.

Tadbirda din sohasi yetakchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari – Jahon Islom ligasi Bosh kotibi shayx Muhammad ibn Abdulkarim Al-Isa, Moskva va butun Rus pravoslav chirkovi patriarxi Kirill, BMT Bosh kotibining islomofobiya va antisemitizm masalalari bo‘yicha maxsus vakili, Sivilizatsiyalar alyansi oliy vakili Migel Anxel Moratinos ham nutq so‘zladi. BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish tadbir qatnashchilariga video murojaat yo‘lladi.
Yalpi sessiya yakunida Deklaratsiya imzolandi. Xalqaro hamjamiyatga yo‘naltirilgan mazkur strategik hujjat global muammolarga e’tiborni jalb qilish, xalqlar o‘rtasida tinchlik, anglashuv va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashishga qaratilgan.
Forum davom etyapti.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri
Qozog‘iston, Ostona shahri