Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli texnologiyalar obyektlari energiya ta’minotini rivojlantirish: ilmiy talqin va ishlanmalar 
16:35 / 2024-03-01

Bugun poytaxtimizda o‘tkazilgan xalqaro anjuman “Raqamli texnologiyalar obyektlari energiya ta’minotini rivojlantirishning zamonaviy muammolari va istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik olimlar, tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, bunda barcha tarmoqlar qatorida raqamli texnologiyalar obyektlari energiya ta’minotini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, anjumanda O‘zbekiston, AQSH, Rossiya, Armaniston, Norvegiya, Qirg‘iziston kabi qator davlatlarning olimlari, professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar mazkur masalalar yuzasidan fikr almashdi. 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Mahkamovning qayd etishicha, ushbu anjuman barcha ishtirokchi olimlar uchun har tomonlama amaliy ahamiyat kasb etadi. 

–Bugun 20 dan ortiq davlatdan kelgan olimlar mavzu doirasida o‘z tadqiqotlari bilan o‘rtoqlashadi. Albatta, bunday ilmiy aloqalar bevosita yurtimizdagi islohotlar va amaldagi ochiqlik va shaffoflik siyosati bilan bog‘liq. Ishtirokchilar raqamli texnologiyalar obyektlari energiya ta’minotini rivojlantirishning zamonaviy muammolari va istiqbollari haqida bahs-munozara qilib, bu borada tajribalarini bo‘lishdi. O‘z navbatida, universitetimizda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Qiymati 2,3 million yevro bo‘lgan loyiha bo‘yicha universitetimiz Yevropa universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu kabi loyihalar, tadqiqotlar natijalari O‘zbekiston ilm-fani uchun yaxshi natija beradi, – dedi B.Mahkamov.

Aytib o‘tilganidek, xalqaro anjumanga xorijiy davlatlardan 40 ga yaqin, yurtimiz olimlari tomonidan 300 dan ortiq maqola yuborilgan va ulardan 130 tasi qabul qilingan. Anjumanga qabul qilingan har bir maqola uchun DOI raqam olingan va bir nechta xalqaro bazalarda indekslandi. Xususan, Polshaning “Index Copernicus”, Yevropaning “Zenodo” hamda “Open Aire”, Rossiyaning “Cyberleninka”, Angliyaning “Europub” bazalariga joylashtirildi va “Google” akademiya ilmiy qidiruv tizimida indekslandi. Maqolalar “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnalining maxsus soni sifatida nashr qilindi. Ahamiyatlisi, xalqaro bazalarda indekslangan ushbu ilmiy materiallardan dunyoning ko‘plab davlatlaridagi ilmiy tadqiqotchilar foydalanish imkoniyatiga ega. 

Anjumanda amerikalik olim Rassel MakMaxon “Amaliy improvizatsiya va sun’iy intellekt usullaridan foydalanish, ijodiy muammolarni hal qilish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi. 

–Men xalqaro anjumanlarda xalqaro muloqotlarni yo‘lga qo‘yish mavzularida ko‘p bora ma’ruza qilganman. Bugungi mavzu bo‘yicha esa ilk bor qatnashdim. Darhaqiqat, sun’iy intellekt rivojlanmoqda va uni juda ko‘plab sohalarda ishlatish mumkin. Bu asosan jamoa bilan ishlayotganda qo‘l keladi. Sababi, sun’iy intellekt odamlarga qaraganda tezroq va aniqroq ishlay oladi. Masalan, yuzaga kelayotgan muammolarni odamlarga nisbatan tezroq hal qilib bera oladi. Deylik, yong‘inni o‘chirish jarayonlarida sun’iy intellekt tez xulosa qabul qiladi. Shuningdek, biznes va boshqa sohalarda ham sun’iy intellekt muhim hisoblanadi. Ishtirokchilarga aynan shu mavzuda ma’lumotlar berdim va ular bilan bu borada muloqot qildim, – dedi amerikalik olim. 

Anjumanda muhokama qilingan masalalar nafaqat yangi tadqiqotlarga zamin yaratadi, balki turli mamlakatlar ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Bunday tadbirlar zamonaviy dunyoning murakkab muammolarini hal qilishda yangi yondashuvlarni shakllantirishda asosiy rol o‘ynaydi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA