Raqamli texnologiyalar
Joriy yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi soni o‘ttiz yetti yarim milliondan ortdi. 14-30 yosh oralig‘idagi yoshlar esa qariyb o‘n millionga yaqinlashgani quvonarli hol. Ya’ni jamiyatdagi aholining katta qismini yoshlar tashkil etmoqda.
Bu demografik ko‘rsatkichlar mamlakatimizda raqamli texnologiyalar rivojlanishi uchun kuchli asosni yaratmoqda. Datareportal.com ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining qariyb 70 foiz qismi internet foydalanuvchisi hisoblanadi. Aholining 18 foizdan ziyodi turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi.

Bunday imkoniyatlar orqali yoshlar o‘rtasida raqamli kitobxonlik sohasida ham sezilarli yutuqlar kuzatilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishga tushirilgan “Mutolaa” mobil ilovasi yoshlar o‘rtasida kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu platforma orqali minglab adabiy asarlar, ilmiy kitoblar va zamonaviy nashrlar bepul taqdim etilmoqda. “Mutolaa” ilovasi an’anaviy kitobxonlik va raqamli texnologiyalarni muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirib, yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi.
Axborot texnologiyalari sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda. Davlat tomonidan IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni xalqaro kompaniyalar talabiga mos dasturlar asosida tayyorlash va ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu ularga nafaqat mahalliy, balki xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarida ham raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlarning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentabrdagi “Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni hamda 2024 yil 2 fevraldagi “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorini aytish mumkin.
Ma’lumki, texnologiyalar rivojlangan davrda yoshu qari undan foydalanadi. Aynan gadjetlar hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. PISA so‘rovnomasi dastlabki tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda shaxsiy telefoni bor o‘quvchilar telefoni bo‘lmagan o‘quvchilarga qaraganda barcha test sinovlarida balandroq ball olgan: matematikadan o‘rtacha 11 ball, tabiiy fanlardan o‘rtacha 8 ball va o‘qishdan o‘rtacha 6 ball. Ya’ni telefondan ta’lim resursi sifatida foydalanish ta’lim natijasiga ijobiy ta’sir o‘tkazgan. Shunga o‘xshash tarzda, uyida telefon kitobi bo‘lgan bolalar ham kitobi bo‘lmagan bolalarga qaraganda yuqoriroq ball olgan. Lekin ularning farqi yuqorida keltirib o‘tilgan (telefon mavjud bo‘lgan bolalardagi) farqdan ancha kattaroq: matematikadan o‘rtacha 31 ball, tabiiy fanlardan o‘rtacha 30 ball va o‘qishdan 35 ball olgan. Shunday ekan, o‘quvchilarning raqamli resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish, ularga me’yorlarni tushuntirish zarur.
Sun’iy intellekt, neyrotarmoqlar, robototexnika va boshqa sun’iy ong asosidagi texnologiyalar hayotimizda tobora keng o‘rin egallab bormoqda. Ayniqsa, globallashuv sharoitida bunday vositalarning dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Ular nafaqat ishlab chiqarish, balki kundalik hayotda ham katta yordamchi bo‘lib qolmoqda. Sun’iy intellekt insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda. Bugungi kunda u turli avtomatlashtirilgan tizimlar, robotlar, algoritmlar asosida faoliyat yuritmoqda. Sun’iy intellekt yordamida avtomobillar boshqarilishi, shifokorlar ishini yengillashtirish, huquqiy hujjatlarni tahlil qilish, hatto ijodiy faoliyat – musiqa, rasm chizish yoki maqola yozish ham amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda hozirgi mavjud ma’lumotlar manbalaridan sun’iy idrok ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ulardan samarali foydalanish mumkin.
– Identifikatsiyalash yagona tizimi: data.gov.uz
– O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portali: data.gov.uz
– Davlat xizmatlari agentligi ma’lumotlar bazasi: davlatxizmat.uz
Ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan sharoitda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, ta’lim, tibbiyot, bandlik va boshqa sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellect imkoniyatlaridan keng foydalanish urfga kirmoqda.
Aynan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Yoshlar akademiyasi kabilar har tomonlama katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Misol uchun, Yoshlar akademiyasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish, iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularni mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini ta’minlash kabi muhim vazifalarni amalga oshirmoqda.
Raqamli texnologiyalar hayotimizni yengillashtirgani bilan birga, yoshlar uchun yangi muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Eng avvalo, ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari bog‘lanish raqamli qaramlikni kuchaytirmoqda. Shuningdek, kiberbulling, onlayn zo‘ravonlik va yolg‘on axborotlarning keng tarqalishi yoshlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, ko‘plarida real hayot bilan virtual dunyo o‘rtasida muvozanatni saqlashda ham jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston yoshlari hozirgi raqamli davrda katta imkoniyatlarga ega. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli dasturlar, zamonaviy ta’lim tizimi va texnologik infratuzilmaning rivojlanishi samaralar maydoni sifatida xizmat qilmoqda.
Nigora ABDULLAEVA,
Amerika texnologiyalar universiteti rektori maslahatchisi,
Sardor TO‘XTAEV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya univerisiteti,
talabasi.
O‘zA