Bugun start olgan va ikki kun davom etadigan “Tashkent Law Spring” IV xalqaro yuridik forumi doirasida “Raqamli notariat. Keyingi qadam qanday bo‘ladi?” mavzusida sessiya tashkil etildi. Sessiyaga O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov moderatorlik qildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi notariat sohasida zamonaviy texnologiyalarni yanada kengroq qo‘llash va raqamlashtirish orqali amaldagi muammolarini hal etish, xorijiy davlatlarning notariat sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, uni sohaga tatbiq etish hamda notariat institutini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhokama maydonini yaratish hisoblanadi.
Mazkur sessiyada Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo mamlakatlarning notariat sohasi vakillari, xususan, Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti Lionel Galliyez, Turkiya adliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Yildirim, Xalqaro notariuslar ittifoqi Yevropa ishlari bo‘yicha Vitse-prezidenti Yens Borman, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Fransiya Oliy Notariat Kengashining vakili Valeriu Esanu, Fransiya, Germaniya, Vengriya, Rossiya Federatsiyasi, Singapur, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya kabi davlatlarning notariat sohasi vakillari, mamlakatimiz Oliy sudi va Adliya vazirligi vakillari, shuningdek yurtimizda faoliyat olib borayotgan 100 nafarga yaqin notariuslar ishtirok etdi.

Tadbirda notariat sohasining xalqaro va xorijiy vakillari hamda ekspertlari, shuningdek mamlakatimizdagi soha mutaxassislari tomonidan sohadagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, notarial xizmatlarni ko‘rsatishda kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli dunyoda notariusning ijtimoiy mas’uliyati, notariat sohasida elektron hujjatlar almashinuvi va raqamli texnologiyalarni qo‘llash, masofadan turib notarial xizmatlarni ko‘rsatish hamda notariatning inson huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni kabi mavzularda fikr almashilib, bu borada hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, Forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda notariat sohasini raqamlashtirishda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, onlayn notarial harakatlar amalga oshiriladigan “E-notarius.uz” axborot tizimi joriy etilganligi, notarial harakat rasmiylashtirish uchun fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali notarius tomonidan mustaqil ravishda olinishi yo‘lga qo‘yilganligi, meros ishlarida merosxo‘rlar doirasini aniqlab beruvchi “Shajara” dasturi yaratilganligi, notarial harakatlar uchun to‘lovlarni avtomatik hisoblash tizimi va notarius kalkulyatori hamda notarial harakatlarning qonuniyligini ta’minlash maqsadida taraflarning barmoq izlarini skaner qilish tizimi joriy etilganligi bo‘yicha ma’lumotlar berilib, ular bilan tajriba almashildi.

Shu bilan birga, Forum doirasida xalqaro va xorijiy ishtirokchilar Toshkent shahridagi notariuslarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Bunday kengaytirilgan va professional formatdagi tadbir xalqaro miqyosida O‘zbekiston notariatining o‘rnini mustahkamlash, O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasida keng hamkorlik o‘rnatish, ularning notariat sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish hamda jahondagi yangi tendensiyalarni tahlil qilish imkonini beradi.
O‘zA