Namangan viloyatidagi IT Park rezidenti bo‘lgan “Algoritm” ta’lim markazida bugungi kunda 1200 nafardan ortiq yoshlarga zamonaviy kasblarning veb dasturlash, grafik dizayn, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berib kelmoqda.
Bitiruvchilarning 300 nafardan ortig‘i bugungi kunda ish bilan ta’minlangani ham ta’lim samaradorligidan dalolat. Ta’lim jarayonida interaktiv kurslar, master-klasslar, mentorli dasturlari va xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan innovatsion yondashuvlardan foydalaniladi. Bu esa yoshlarning nafaqat ichki, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.


Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov namanganlik yoshlar bilan samimiy suhbatlashib, ularning qiziqishlari va kelajakdagi rejalari bilan fikr almashdi. Ayniqsa, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik yo‘nalishlari bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo bozorida dolzarb va strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA.