Bugungi kunda butun dunyoda raqamli ta’limga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Shu bois, yoshlarni zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirish, ularga xalqaro tajribani yetkazish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Shu maqsadda AQSHda bo‘lib o‘tayotgan “Coursera Connect-2025” tadbiri doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Amazon, IBM, Google va Cisco korporatsiyalari vakillari bilan uchrashib, raqamli ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov boshchiligida o‘tgan muzokaralarda raqamli ta’lim yo‘nalishida yoshlarni AT sohasiga jalb qilish, AT eksporti imkoniyatlarini oshirish, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili yo‘nalishidagi qo‘shma tashabbuslar hamda kadrlar tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekistonda ta’lim loyihalarini joriy etish va ularni talabalar orasida targ‘ib qilish, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan yoshlarni ushbu korporatsiyalarning mintaqaviy ofislarida ishga joylashtirish imkoniyatlarini yaratish, O‘zbekistonda ta’limga yo‘naltirilgan filiallar ochish hamda hamkorlikda tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Bu uchrashuvlar uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekistonning global raqamli va ta’limiy ekotizimga chuqurroq integratsiyasi sari muhim qadam bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA