So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlari ta’lim sohasida ham izchil va tizimli amalga oshirilmoqda. Xususan, maktabdan kasbgacha bo‘lgan uzluksiz AT ta’lim ekotizimini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2025 yil davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlar nafaqat ta’lim sifati, balki yoshlarning bandligi va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash nuqtai nazaridan ham muhim natijalarni ko‘rsatdi.
Raqamli ta’limni kengaytirishda hududlararo tenglikni ta’minlash asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan “IT-shaharcha”lar orqali olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan 1200 nafardan ortiq yoshlar xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu tashabbus raqamli bilimlarga ega bo‘lish faqat yirik shaharlargagina xos degan qarashni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining 7 ta tumani hamda Xorazm viloyatining barcha hududlarida amalga oshirilib, qariyb 5 ming nafar o‘quvchini qamrab oldi. Mazkur loyiha iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni IT sohasiga yo‘naltirishda muhim platformaga aylandi.
Raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlashda xususiy sektorlar bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. 2025 yilda eksportyor kompaniyalar uchun kadrlar tayyorlagan 10 ga yaqin o‘quv markaziga 2 milliard so‘mdan ortiq subsidiya ajratildi.
Bundan tashqari, “IT-iste’dod” loyihasi doirasida 2 400 nafar yoshga xalqaro AT sertifikatlari va o‘qish xarajatlarini qoplash uchun qariyb 11 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
2025 yilda oliy ta’lim muassasalarida ham muhim yangiliklar qayd etildi. Toshkent shahridagi Inha universiteti Buyuk Britaniyaning akademik dasturlarini joriy etdi hamda sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili yo‘nalishida rahbarlar uchun MBA dasturini ishga tushirdi. Bu tashabbus IT sohasida nafaqat ijrochilar, balki strategik fikrlay oladigan boshqaruv kadrlarini tayyorlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Axborot xavfsizligi” bo‘yicha nufuzli QS xalqaro reytingida 1401-o‘rinni egalladi.
Raqamli ta’lim ekotizimining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri bitiruvchilarning bandligi hisoblanadi. 2025 yilda axborot texnologiyalari yo‘nalishida ta’lim olgan 16 ming 300 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Bu raqam ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
2025 yil yakunlari shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda raqamli ta’lim ekotizimi tizimli rivojlanish bosqichiga chiqdi. Bepul ta’lim imkoniyatlari, hududlarni qamrab olish, davlat subsidiyalari, xalqaro dasturlar va bandlik ko‘rsatkichlari bir butun mexanizm sifatida ishlamoqda. Bu esa kelgusida O‘zbekistonni mintaqada raqamli kadrlar tayyorlash markaziga aylantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA