Yurtimizda so‘nggi yillarda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ichida sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar alohida ahamiyatga ega. Chunki, adolat – davlat barqarorligining asosiy poydevori, inson huquqlarining eng ishonchli kafolati hisoblanadi. Bugun har bir fuqaro sudga murojaat qilishda o‘zining huquqi ta’minlanishiga, uning ishi xolis va qonuniy tarzda ko‘rib chiqilishiga ishonishi kerak. Shuning uchun ham Konstitutsiyamizda har kimning buzilgan huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi mustahkam kafolat sifatida belgilab qo‘yilgan.

Ayni vaqtda bu huquqni amaliy jihatdan ta’minlash, aholining sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, sud ishlarini yuritishda tezlik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida mamlakatimizda keng ko‘lamli raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2025 yil 21 avgustda qabul qilingan “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon faqat malaka va kadrlar masalasini emas, balki sudlar faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni, jumladan sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha yangi strategik vazifalarni belgilab berdi. Mazkur farmon negizida ishlab chiqilayotgan “Raqamli sud” konsepsiyasi sud tizimi uchun tamomila yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Asosiy maqsad sud ishlarini qog‘ozsiz, ortiqcha byurokratiyasiz, tezkor va shaffof holda onlayn yuritishdir. Bu, avvalo, fuqaro va tadbirkorlarga katta qulaylik yaratadi. Endi sudga ariza berish uchun qog‘oz to‘ldirib, ma’lumot to‘plab, ariza qabul qilish xonasida navbatda turish talab etilmaydi. Arizalar elektron shaklda yuboriladi, sun’iy intellekt arizaning sudga taalluqliligini o‘zi aniqlaydi, ishni qaysi sud ko‘rishi lozimligini belgilab beradi. Eng qizig‘i, sun’iy intellekt sud muhokamasining taxminiy natijasini va sarf-xarajatlar hisobini dastlabki tarzda shakllantirib, fuqaroga oldindan ma’lum qiladi.
Shu bilan birga, “Raqamli sud”ning joriy etilishi sud jarayonlarida shaxsiy ishtirokni ham majburiy shartidan chiqarib yuboradi. Ishda ishtirok etuvchi tomonlar sud binosiga kelmasdan turib, videokonferensiya orqali masofadan ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu nafaqat vaqtni tejaydi, balki tadbirkorlar, mehnat mahsuldorligi yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun ham amaliy jihatdan katta afzallikdir. Sud hujjatlari, dalillar, arizalar va materiallar bilan onlayn tarzda tanishish imkoniyati esa shaffoflikni ta’minlaydi, “pinhona” yoki bir tomonlama ma’lumot almashish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqaradi.
Yana bir qator muhim yangiliklardan biri, ijro varaqalarining avtomatik tarzda ijroga yuborilishi. Sud qarori chiqqandan so‘ng, uni ijro etish uchun alohida hujjat tayyorlash, idoradan idoraga yurish, qabulxona yoki ko‘mak markazlariga murojaat qilishga ehtiyoj qolmaydi. Bu sud qarorining hayotga tezkor tatbiq etilishini ta’minlab, adolatni vaqtida qaror topishiga xizmat qiladi.
Sudyalar faoliyatida to‘planadigan ma’lumotlarni avtomat tarzda qayta ishlash, sud majlisi bayonnomalarining real vaqtda sun’iy intellekt tomonidan tayyorlanishi, sud hujjatlari loyihalarining avtomat yaratilishi sud apparatlarining ish yukini kamaytiradi, sudyalarni ortiqcha texnik vazifalardan xalos qiladi. Bu esa sudyaning e’tiborini ish mazmuniga, huquq va adolatni ta’minlashga ko‘proq qaratish imkonini yaratadi.
“Raqamli sud” konsepsiyasining yana bir muhim jihati shundaki, huquqiy sohada yangi yo‘nalish — “Kiber huquq” bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilishi. Bu kelgusi avlod sudyalari va huquqshunoslarining raqamli sohadagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashda, ularni yangi davr talablariga mos ravishda tayyorlashda muhim omil bo‘ladi. Shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining raqamli savodxonligini doimiy oshirib borish, texnik infratuzilmani mustahkamlash ishlari ham rejadan o‘rin olgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Raqamli sud” shunchaki elektron tizim emas. U adolatning yangi standartlarini belgilaydigan, fuqaro va tadbirkorning sudga ishonchini yanada mustahkamlaydigan, sud-huquq sohasini ilg‘or texnologiyalar bilan yanada takomillashtiradigan milliy islohotdir. Ushbu yangiliklar odil sudlovning haqiqiy mazmunini, uning xalqchil va ochiq munosabatini amalda namoyon etib, inson huquqlari ustuvorligini yanada mustahkamlaydi.
Sohib Rahimov,
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi.