Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Raqamli sud” konsepsiyasi tizimda yangi bosqich boshlanganini bildiradi
16:43 / 2025-09-13

Jamiyatda insonlar o‘rtasida ijtimoiy, iqtisodiy yoki shaxsiy munosabatlar jarayonida turli nizolar va qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan vaziyatlarda fuqarolar uchun adolatli, holis va ishonchli qaror qabul qiladigan mustaqil maskan sud organlaridir.

Jamiyatda insonlar o‘rtasida ijtimoiy, iqtisodiy yoki shaxsiy munosabatlar jarayonida turli nizolar va qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan vaziyatlarda fuqarolar uchun adolatli, holis va ishonchli qaror qabul qiladigan mustaqil maskan  sud organlaridir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish, uni inson huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladigan xalqchil va adolatli maskan sifatida qayta tashkil etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, bu jarayon faqat tashkiliy-huquqiy islohotlar bilan cheklanib qolmay, balki mazmunan ham yangilanmoqda.

Sud tizimi har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini, Konstitutsiyaviy manfaatlarini himoya qiluvchi, qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy institut hisoblanadi.

Sud – jazolovchi organ emas, adolat maskani. Yaqin o‘tmishda sudlar fuqarolar ongida ko‘proq jazolovchi organ sifatida qabul qilingan bo‘lsa, bugungi kunda ular inson huquqlarini himoya qiluvchi ishonchli tuzilmaga aylanmoqda. Ma’muriy sudlar faoliyati, sud interaktiv xizmatlarining yo‘lga qo‘yilganligi, oilaviy masalalarga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantirilgani, investitsiyaviy nizolar bo‘yicha alohida sudlov tarkibi tashkil etilgani shular jumlasidandir.

Ushbu yangiliklar fuqarolarga sud orqali o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish imkonini kengaytirdi, jamiyatda sud tizimiga nisbatan ishonch mutahkamlana boshladi.

Sohadagi bu islohotlar davom ettirilib, endilikda asosiy e’tibor sud tizimini raqamlashtirish va bu orqali fuqarolarning vaqtini tejash, masofadan ko‘rsatiladigan xizmatlar turini oshirishga qaratilmoqda.

"Raqamli sud" konsepsiyasi sud tizimida yangi bosqichga qadam bo‘lishi aniq. Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 21 avgust kuni imzolangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon sud tizimini raqamlashtirishda yangi davrni boshlab berdi, desak adashmaymiz.

Chunki, ushbu farmon asosida sud ishlari to‘liq elektronlashtiriladi. Sud majlislarini videokonferensaloqa tizimi orqali masofadan o‘tkazish imkoniyatlari yanada kengayadi. my.sud.uz portalida fuqarolar uchun zarur bo‘lgan huquqiy yordam xizmati faoliyat yuritadi. Sud majlislari bayonnomalari real vaqtda tayyorlanadi. Shuningdek, fuqarolar endilikda sudga elektron tarzda murojaat qilish, hujjatlar yuborish, ish holatini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali sud xarajatlarini hisoblash, sud muhokamasining taxminiy natijasini oldindan tahlil qilish imkoniyatlari yaratilayotgani jahon amaliyotida ham e’tirof etilgan ilg‘or tajribalar qatoridadir.

Sud tizimi uchun qulay infratuzilma yaratish bugungi zamonning muhim talablaridan biri hisoblanadi. Chunki nafaqat sudya va sud xodimlari, balki sudga murojaat qilib kelgan fuqarolar uchun sud binolarida barcha sharoitlar mavjud bo‘lishi lozim.

Farmonga muvofiq, sud organlari uchun yangi binolar qurish, mavjudlarini kapital ta’mirlash va zamonaviy texnika bilan jihozlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, sudyalar uchun xizmat uylari xarid qilish va ta’mirlash masalalari ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu sudlarda ish sifatiga bevosita ta’sir etuvchi omillardan biri sifatida ahamiyat kasb etadi.

Yuqorida qayd etilgan barcha yangiliklar shundan dalolat beradiki, O‘zbekistonda sud tizimi jazolovchi organ emas, adolatni ta’minlaydigan ishonchli maskanga aylanmoqda. Sud organlari endilikda inson manfaatlarini himoya qiluvchi, tadbirkorlarga ishonch bag‘ishlovchi, fuqarolarga teng huquqlilik asosida muammolarini hal etish imkonini beradigan institut sifatida faoliyat yuritmoqda.

Sud tizimining raqamlashtirilishi, sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi, yangi ta’lim muassasalarining tashkil etilishi va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlar sud-huquq sohasini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Prezidentimiz tomonidan belgilangan ezgu maqsadlar  adolatli sudlovni qaror toptirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson qadrini yuksaltirish yo‘lida amaliy qadamlar sifatida o‘z samarasini berishi, shubhasiz.

Shuhrat Kamolov,

Xorazm viloyat sudi raisi.O‘zA