Bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Ular nafaqat oila va tarbiya masalalarida, balki davlat boshqaruvi, ilm-fan, iqtisodiyot hamda zamonaviy texnologiyalar sohasida ham faol. Ayniqsa, raqamli taraqqiyot sharoitida ayollarning intellektual salohiyati, tashabbuskorligi va mas’uliyati mamlakat kelajagini belgilab beruvchi muhim omillardan biriga aylanmoqda.
Shu ma’noda, xotin-qizlarning mehnatini qadrlash, ularning yutuqlarini munosib e’tirof etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani jamiyatimizda ayollarga bo‘lgan yuksak hurmat va ishonchning yaqqol ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi.
Mazkur farmonga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan, o‘z sohasida yuqori professionallik va fidoyilikni namoyon etayotgan yetakchi xotin-qizlar yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, "Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi" mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktorining IT-xizmatlar eksportni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Mahliyoxon Muxsinova «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.
Shuningdek, UZINFOCOM mas’uliyati cheklangan jamiyatining ta’lim va HR sohalarini raqamlashtirish bo‘yicha direktori Shahnoza Abduvohidova «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
Mukofotlangan xotin-qizlarning ko‘p yillik samarali mehnati, yuqori kasbiy mahorati hamda raqamli transformatsiya jarayonlaridagi faol ishtiroki mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, IT-xizmatlar eksport hajmini oshirish va zamonaviy raqamli infratuzilmani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda xotin-qizlarning IT va innovatsiya sohalarida yetakchi lavozimlarda faoliyat yuritishi yosh avlod uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular o‘z mehnati va bilimlari bilan gender tenglik tamoyillarining amalda ta’minlanayotganini, xotin-qizlar uchun barcha sohalarda teng imkoniyatlar yaratilayotganini namoyon etmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA