Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli sohada “porlayotgan” ayollar e’tirof etildi
09:41 / 2026-03-08

Raqamli texnologiyalar vazirligida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning yutuqlari va tashabbuslarini e’tirof etish hamda ularni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yulduz Tech Awards” taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda xotin-qizlarning ishtiroki tobora ortib bormoqda. Ular dasturlash, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, startaplar va ta’lim kabi yo‘nalishlarda faol ishtirok etib, mamlakatning innovatsion taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Mazkur tadbir esa texnologiya sohasidagi ayollarning o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, ularning yutuqlarini keng jamoatchilikka namoyish etish hamda yosh qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb qilishga xizmat qiladi.

Taqdirlash jarayonida axborot texnologiyalari ekotizimida faol faoliyat olib borayotgan 14 nafar xotin-qiz turli yo‘nalishlardagi yutuqlari uchun munosib taqdirlandi. E’tiborlisi, taqdirlanganlar orasidan 2 nafar ishtirokchi joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

G‘oliblarga hamkor tashkilotlar tomonidan esdalik sovg‘alari, maxsus statuetkalar hamda Coursera platformasida bepul ta’lim olish imkonini beruvchi vaucherlar topshirildi.

Bunday tashabbuslar axborot texnologiyalari sohasida xotin-qizlarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ularning intellektual salohiyatini namoyon etish hamda raqamli jamiyatni barpo etishda ayollarning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA