2025 yil 16 sentyabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatda raqamli texnologiyalarni joriy etish jarayonini jadallashtiradi. Qarorda alohida e’tibor tibbiyot, ta’lim va transport sohalaridagi xizmatlarni raqamlashtirish hamda sun’iy intellektdan samarali foydalanish masalalariga qaratilgan.
2026 yil yakunigacha sog‘liqni saqlash tizimida “Shifokorning raqamli yordamchisi” dasturi ishga tushiriladi. Bu dastur sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilib, tibbiy ko‘rik jarayonida shifokor nutqini avtomatik bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi hamda bemorlarga tashxis qo‘yishda ko‘maklashadi.
Bu yondashuv nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini oshiradi, balki bemorga xizmat ko‘rsatish sifatini ham yaxshilaydi. Bu kabi texnologiyalar xorijda allaqachon muvaffaqiyatli tatbiq etilgan bo‘lib, ularning O‘zbekistonda ham joriy etilishi tibbiyot sohasida raqamli innovatsiyalarga zamin yaratadi.
2025 yil 1 noyabrdan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Bu imkoniyat talabalarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash, yashash xarajatlarini qisman qoplashga zamin yaratib, xizmatlardan foydalanishda shaffoflikni ta’minlaydi. Raqamli murojaat shakli korrupsion holatlarning oldini olishda ham muhim vosita bo‘lishi mumkin.
2026 yil 1 yanvardan o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlari Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.
Ushbu bosqichdan boshlab barcha ta’lim bilan bog‘liq davlat xizmatlari yagona portal orqali taqdim etiladi. Bunga o‘qishga qabul, diplomlarni tasdiqlash, ko‘chirish, akademik ma’lumotlar olish kabilar kiradi. Raqamlashtirish orqali ortiqcha hujjatbozchilik bartaraf etilib, ta’limdagi boshqaruv tizimi qulaylashadi.
2025 yil 1 noyabrdan transportga gaz balloni o‘rnatilganiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.
Avtotransport sohasida bu kabi soddalashtirishlar avtotransport egalari uchun qulaylik yaratadi, vaqt va mablag‘ni tejashga xizmat qiladi. Shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi hududiy bo‘linmalaridagi ortiqcha yuklamani kamaytiradi.
Prezident qarori nafaqat texnologik jihatdan ilg‘or, balki ijtimoiy adolat va xizmatlarda tenglikni ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA