Jizzax viloyat soliq boshqarmasida yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yangi raqamli imkoniyatlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Anjumanda Jizzax viloyat soliq boshqarmasi rahbari Bobir Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 12 avgustda qabul qilingan “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va uning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qaror tadbirkorlik faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, soliq hisobotlarini soddalashtirish, to‘lov jarayonlarini avtomatlashtirish hamda fuqarolar uchun qonuniy, shaffof va qulay ish muhitini yaratishga qaratilgan.
– Bu qaror, avvalo, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yangi ish uslubini shakllantiradi, – dedi Bobir Ismoilov. – Barcha xizmatlarni yagona raqamli platforma orqali olish imkoniyati yaratiladi. Ro‘yxatdan o‘tish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, hisobot hamda deklaratsiyalarni shakllantirish to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi. Eng muhimi, ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratik to‘siqlar va korrupsion omillar keskin qisqaradi.
[gallery-26845]
Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 noyabrdan boshlab shartnomalar va hisob-kitob hujjatlari biometrik identifikatsiya hamda SMS tasdiq orqali elektron tarzda imzolanadi va qog‘oz hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi. Bu esa tadbirkorlar uchun vaqt va xarajat tejalishini ta’minlaydi.
Shuningdek, raqamli platformada ochiladigan elektron hamyon tadbirkorlik faoliyati uchun to‘liq bank hisobvarag‘iga tenglashtiriladi. Bank hisobvarag‘ini ochish esa ixtiyoriy bo‘lib qoladi. Bu yangilik ayniqsa kichik biznes sub’ektlari uchun katta yengillik yaratadi.
Matbuot anjumanida ish haqini to‘lashga oid yangi mexanizm ham ma’lum qilindi. Tajriba tariqasida elektron mehnat shartnomasi asosida xodimlarga kunlik ish haqini “shu kunning o‘zida” to‘lash amaliyoti joriy etiladi. Bu xizmat ko‘rsatish sohasi hamda mavsumiy ishlar bilan band bo‘lgan fuqarolar uchun ayni muddao bo‘ladi.
– Raqamli yechimlar soliq ma’murchiligini ham yangi bosqichga olib chiqadi, – dedi Bobir Ismoilov. – 2026 yildan qat’iy belgilangan soliq hamda aylanmadan ozod qilish tartiblari bekor qilinib, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan sub’ektlar uchun soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi. Soliq hisobotlari va to‘lovlar uchun javobgarlik raqamli platforma operatorlari zimmasiga yuklatiladi.
Shu bilan birga, 2026 yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus QR-kod orqali to‘lov qabul qilishi shart bo‘ladi. Bu to‘lovlarning shaffofligini ta’minlab, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining mazkur qarori tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirib, fuqarolarni qonuniy ishlashga rag‘batlantiradi, kichik biznesni esa zamonaviy va raqobatbardosh yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari