Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli nazorat tizimini joriy etish yoqilg‘i-energetika sohasiga nima beradi?
19:38 / 2023-06-01

Yangi farmon

Hisob-kitob yaxshi bo‘lmagan har qanday joydan baraka qochadi. Chunki nima qayerga ketayotganining aniq yo‘rig‘i yuritilmasligi isrofgarchilik va talon-tarojlikka yo‘l ochadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yil 24 may kuni “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu mamlakatimizda yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, ularni talon-taroj qilish holatlarining oldini olishda muhim hujjat bo‘ldi.

Darhaqiqat, bu turdagi resurslarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, uzatish, saqlash, taqsimlash va iste’mol qilish, ularni miqdor jihatidan saqlash jarayoniga “raqamli energonazorat” tizimini to‘liq joriy etish dolzarb sanaladi.

Yoqilg‘i-energetika sohasida qonunchilik hujjatlarining o‘z vaqtida ijro etilishi ta’minlanishi, resurslarining sarflanishi hamda sifatini doimiy o‘rganib borish bo‘yicha istiqbolda qanday ishlar olib boriladi? Ushbu maqolada shu va mavzuga doir boshqa savollarga javob topishga harakat qilinadi.

Dunyoda aholi sonining oshishi, sanoat rivojlanib, iqtisodiyotning o‘sishi yoqilg‘i-energiya resurslariga talab ortishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat mamlakatimizda ham kuzatilayotgani, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish choralari ko‘rilayotgani e’tiborga molik.

– Farmonda “raqamli energonazorat” tizimini to‘liq joriy etish haqida so‘z boradi. Bu nimani anglatadi? – deydi O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos. – “Energonazorat” platformasining joriy etilishi, eng avvalo, tarmoqlarga noqonuniy ulanish va resurslarning noqonuniy iste’mol qilinishi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilish imkonini yaratadi. Aytaylik, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi, ishlab chiqarish korxonasi kabi ob’ektlarda yoqilg‘ining odatdagidan kam sarf etilayotgani aniqlandi. Bu holatda yangi tizim o‘sha yerga tegishli nazorat xodimlarining e’tiborini qaratadi. Bu jarayonda jamoatchilik nazoratining ko‘magi ham muhim ahamiyatga ega. Platformaning yana bir muhim vazifasi yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, uzatish, saqlash, taqsimlash jarayonlarining miqdor jihatidan monitoring qilib boradi. Bu jarayonlarda ham yo‘qotishlar kuzatilsa, tizim uni ham tezkor aniqlaydi. Zero, ishlab chiqarish va iste’mol bir biriga mos bo‘lishi kerak.

Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazoratini ta’minlashda bir qator muammolar saqlanib qolayotgan edi. Xususan, energetika ta’minotida vertikal boshqaruv va idoraviy nazoratning susayib ketganligi, mahsulotlarni ishlab chiqarishdan yetkazib bergungacha bo‘lgan bosqichlar to‘liq raqamlashtirilmagan. Jarayonlarda inson omili ishtiroki ko‘pligi hal qilinishi kerak bo‘layotgan masalalardan biri edi.

Shu kabi holatlar inobatga olinib, energiya resurslaridan samarali foydalanish jarayonlari ustidan davlat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga tegishli topshiriqlar berildi.

– Foydalanilayotgan energiya resursi uchun qat’iy to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilmagani, undiruvning zamonaviy usullari tatbiq qilinmaganligi, jamoatchilik nazoratining olib borilmasligi sohada muammolar to‘planishiga sabab bo‘lgan omillar sirasiga kiradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori Dilmurod Valijonov. – Muammo boshqa muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, qarzdorliklar oshib ketishi ta’minot korxonalarida tarmoq va qurilmalarning modernizatsiya qilinmasligiga olib keldi. Farmonda shu kabi masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, Bosh prokuratura tomonidan 2023 yil 1 sentyabrga qadar “Prokuror nazorati” axborot tizimi joriy etiladi. Unda yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati tadbirlari hamda ularning natijasiga oid ma’lumotlar, hujjatlarning yagona bazasi yuritiladi.

Hujjatga ko‘ra, yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona foydalanishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadida 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab aholi tomonidan Energetika vazirligining maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika hamda hududiy shtablar tuziladi.

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini yanada kuchaytirish, sohada huquqbuzarliklarning oldini olish va javobgarlik muqarrarligini ta’minlashning kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda “E-kon” loyihasi amalga tatbiq etilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi mahsulotning quduqdan chiqayotgan jarayonidan boshlab manziliga yetib borgunicha tegishli o‘lchovlar qo‘yiladi. Bu orqali konlardagi yerusti tizimlari raqamlashtirilib, yerosti bilan integratsiya qilinmoqda. Zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb qilgan holda uglevodorod konlaridan tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish ko‘zda tutilgan. Joriy yil davomida quduqlar va gaz yig‘ish punktlaridagi harorat, bosim va kunlik gaz sarfini o‘lchovchi radar datchiklar, oqim o‘lchagichlar kabi boshqa bir qator maxsus qurilmalarni o‘rnatish orqali barcha konlarni raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Yaqinda “O‘zbekneftgaz” va “O‘zlitineftgaz” aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida ushbu loyiha doirasida konlarni raqamlashtirish tizimini jihozlash, qurish, o‘rnatish va joriy etish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Shuningdek, “Raqamli energonazorat” tizimi boshqa tegishli sohalar bilan mutanosib bog‘lanadi. Bu o‘rinda elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish tizimi boshqa tegishli tashkilotlar bilan o‘zaro bog‘lanishi nazarda tutilmoqda. Bu sohaning ochiq va shaffof bo‘lishiga xizmat qiladi.

Farmon yoqilg‘i-energiya resurslarining talon-taroj qilinishining oldini olishga xizmat qiladi, sohada mavjud salbiy holatlarni bartaraf etadi. Xususan, sohasining korrupsiyadan holi bo‘lishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, aholini yoqilg‘i-energetika mahsulotlari bilan ta’minlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri