Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli markirovka tizimi kuchaytiriladi
16:42 / 2026-02-16

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida “Raqamli markirovkalash tizimi samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xalqimizni sifatli va xavfsiz iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlash, noqonuniy ishlab chiqarish va muomalani cheklash, shuningdek, soliq to‘lovchilar uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa iqtisodiyotimizni sog‘lomlashtirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.

Ammo qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi mahsulotlarni identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash hamda ularning aylanmasini to‘liq kuzatib borish tizimini yanada kuchaytirish zarurati yuzaga keldi. Shu bois, mazkur qonun loyihasi bilan Soliq kodeksiga muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.  

Jumladan, tovarlarni majburiy markirovkalash qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvlarini soliq to‘lovchining huzuriga bormasdan, avval ikki marta rasmiy ogohlantirish berilganidan so‘ng o‘tkazish tartibi belgilanmoqda. Shuningdek, bunday tekshiruvlar natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.  

Fraksiya a’zolari ta’kidlaganidek, ushbu qonun loyihasidagi  normalar aholini sifatli va ishonchli mahsulotlar bilan ta’minlash, yashirin iqtisodiyotni yanada qisqartirish hamda soliq to‘lovchilar uchun ma’muriy bosim va soliq yukini kamaytirishga xizmat qiladi. Natijada biznes yuritish uchun yanada adolatli va shaffof muhit yaratiladi.

M.Komilova,

O‘zA