Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mahallani nafaqat ma’muriy-hududiy birlik, balki xalqimiz hayotining asosi, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizning beshigi sifatida baholab kelmoqda. Davlatimiz rahbarining «Mahalla obodligi — yurt obodligi» degan g‘oyasi bugungi kunda amaliy ishlarda o‘z tasdig‘ini topayotganligi barchamizni g‘ururlantiradi. Prezidentimiz bir necha yillar davomida mahalla tizimini tubdan isloh qilish, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimini takomillashtirish, mahalla raislari va «mahalla yettiligi» vakillarining maqomini oshirish borasida qator tarixiy qarorlar qabul qildi.
2026-yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinishi ham davlatimiz rahbarining mahallaga bergan yuksak e’tiborining yana bir yorqin ifodasidir. Shu munosabat bilan 2026-yil 16-fevralda e’lon qilingan PF-22-son Prezident Farmoni va unga ilova qilingan Davlat dasturi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yangi bosqichning boshlanishini anglatadi. Ushbu hujjatlar mahalla qonunchiligiga, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimiga bevosita taalluqli bo‘lgan qator muhim vazifalarni belgilaydi.
Mahalla infratuzilmasini isloh qilishning huquqiy asoslari
Davlat dasturida mahalla infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur mahalla sohasidagi qonunchilikka bir qator yangi huquqiy mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Birinchidan, mahallalarga moliyaviy mustaqillik berilmoqda. Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishning yangi manbalari belgilanmoqda. Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 15 foizi hamda mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha undiriladigan jarimalarning 10 foizi ushbu jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Bu mahalla byudjetlari to‘g‘risidagi qonunchilikka tub o‘zgartirishlar kiritilishini anglatadi. Mazkur tartib yiliga qo‘shimcha 300 milliard so‘m mablag‘ tushishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, mahalla raislarining mablag‘lar sarfi bo‘yicha har chorakda ommaga ochiq hisobot berishi amaliyoti joriy etilmoqda. Bu jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga, mahallada shaffoflikni ta’minlashga va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi.
Uchinchidan, «Mahalla yettiligi» faoliyatini isloh qilish bo‘yicha jiddiy qadamlar belgilanmoqda. Eksperiment tariqasida 500 ta mahallada «mahalla yettiligi» vakillarini o‘z mahallasidan tayinlash amaliyoti joriy etiladi. Ularga o‘z faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni yuklash qat’iy taqiqlanadi. Bu mahalla qonunchiligida vakillar maqomini himoya qiluvchi muhim kafolat hisoblanadi.
«Raqamli mahalla» va fuqarolar ishtiroki
Dasturning eng muhim yangiliklaridan biri — aholi muammolarini «xonadonbay» o‘rganish tizimini joriy etishdir. «Mahalla yettiligi» vakillari har bir xonadon kesimida muammolarni reja-grafikka asosan o‘rganib, aniqlangan muammolarni «Raqamli mahalla» elektron platformasiga kiritadi. Sun’iy intellekt texnologiyalari orqali muammolar tegishli vazirlik va idoralarga taqsimlanadi. Ushbu tizim 100 dan ziyod davlat organlarining aholi muammolarini hal etishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini ta’minlaydi.
Alohida ahamiyatga molik jihat shuki, «Mahallam — loyiham» dasturi doirasida fuqarolar o‘z mahallasidagi ijtimoiy, iqtisodiy yoki ekologik yo‘nalishdagi masalalarni ovoz berish orqali hal etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu ishtirokchi demokratiyaning eng zamonaviy ko‘rinishidir. «Raqamli mahalla» platformasi orqali fuqarolar nafaqat muammoni, balki uning yechimini ham tashabbus qilishi mumkin.
Davlat dasturida mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish uchun 20 trillion so‘m mablag‘larni yo‘naltirish belgilangan. Mahalla hududlarida ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish uchun jami 5 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi. Natijada 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilib, mahallalarda qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mahalla xodimlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilmoqda. Bu institutda «Mahalla boshqaruvi», «Hududiy rejalashtirish va rivojlanish», «Liderlik va barqaror rivojlanish» kabi yo‘nalishlarda magistratura bosqichida o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 20 mingga yaqin mahalla tizimi xodimlari va «mahalla yettiligi» vakillari malakasini oshirish tizimi joriy etiladi.
«Jamiyatdagi faollikni rag‘batlantirish» loyihasi doirasida mahallada faol bo‘lgan fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishda chegirmalar, oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lovlarning bir qismini qoplab berish kabi rag‘batlantirish choralari belgilanmoqda. Bu «Time banking» tizimi asosida jamiyatda fuqarolik javobgarligini shakllantirishning innovatsion yondashuvi hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoni va unga ilova qilingan Davlat dasturi mahalla institutini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiquvchi tarixiy hujjatdir. Unda mahalla qonunchiligini zamon talablariga moslashtirish, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga haqiqiy moliyaviy mustaqillik berish, raqamli texnologiyalar orqali xalq va davlat o‘rtasidagi muloqotni tubdan takomillashtirish kabi strategik vazifalar belgilab berilgan.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu islohotlar amalga oshirilishi natijasida mahalla — huquqiy jihatdan mustahkam, moliyaviy jihatdan mustaqil, raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan va fuqarolarning faol ishtiroki ta’minlangan zamonaviy demokratik institutga aylanadi. Bu esa yurtimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘lib, har birimizdan faol ishtirok va mas’uliyatni talab etadi.
B. MUSAEV,
TDYUU Biznes huquqi va sud himoyasi
fakulteti dekani