O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 22-maktab hamda Shayxontohur tumanidagi 324-maktabda umumta’lim maktablarida raqamli kutubxona tizimini joriy etish, uning o‘quvchilar kitobxonlik madaniyatini oshirishdagi o‘rni targ‘ibotiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, tizimda Respublika “Bolalar kutubxonasi”, 12 ta hududiy “Bolalar kutubxonalari” hamda 9 965 ta maktab kutubxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Umumta’lim maktablari kutubxonalarida jami 15,3 million nusxa adabiyotlar fondi mavjud bo‘lib, shundan 7,7 million nusxasi lotin alifbosidagi adabiyotlar hisoblanadi. 1,6 million nusxa (10,3%) rus, 23 ming nusxa tojik, 92 ming nusxa qozoq, 3,5 ming nusxa qirg‘iz, 609 nusxa turkman tillaridagi badiiy adabiyotlar mavjud.
Shuningdek, kitoblarning 78,5 ming nusxasini chet tillar (ingliz, nemis va fransuz) dagi adabiyotlar tashkil qiladi.
Maktab kutubxonalaridagi doimiy kitobxon o‘quvchilar soni 3,1 million nafarni tashkil etmoqda. Bolalarni kitob mutolaasiga qiziqtirish maqsadida www.kitob.uz (http://www.kitob.uz/) sayti tashkil etilgan bo‘lib, ushbu portalga badiiy adabiyotlarning 5 mingdan ziyod elektron shakllari joylashtirilgan. Hozirda saytdan bir kunda o‘rtacha 11-12 ming nafar o‘quvchi-yoshlar foydalanmoqda. O‘quvchilar uchun 120 nomdagi o‘zbek mumtoz va zamonaviy hamda jahon adabiyoti namunalarining audio kitob shaklidagi variantlari yaratilib, mazkur audio kitoblar www.kitob.uz (http://www.kitob.uz/) saytiga yuklab olish va onlayn tinglash uchun joylashtirildi.
Bolalar kutubxonalari va maktab kutubxonalari uchun xorijiy davlatlar kutubxonalariga sayohatlar uyushtirish imkoniyatini beruvchi virtual maydonlar tashkil etildi. www.kitob.uz (http://www.kitob.uz/) platformasidagi “VR kutubxona” bo‘limiga qo‘shilgan mazkur maydonda xorijiy davlatlarda joylashgan zamonaviy kutubxonalarning VR 360 panorama ko‘rinishidagi video mahsulotlar (25 dona) hamda ushbu kutubxonalar haqida qisqacha ma’lumotlar joylashtirilgan.
Bolalarni elektron kutubxona imkoniyatlaridan keng foydalanishlarini ta’minlash bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 36 ta maktabda raqamli kutubxona loyihasi to‘liq joriy etildi va ishga tushirildi.
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 22 maktabda o‘tkazilgan press-tur tadbirlari davomida umumta’lim maktablarida raqamli kutubxona tizimini joriy etish va uning o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishdagi o‘rniga alohida to‘xatilib o‘tildi.
Qayd etilganidek, raqamli kutubxona tizimi nafaqat o‘quvchilar, balki maktab o‘qituvchilari uchun qator qulayliklar yaratadi. Xususan, kutubxona fondi tarkibidagi o‘n minglab kitoblar orasidan kerakli adabiyotlarni kalit so‘z orqali topish, mavjud kitoblarning monitoringini yuritish imkoniyatini yaratildi.
Shu bilan birga o‘quvchilar o‘rtasida qaysi kitoblarga talab kattaligi xususidagi tahliliy ma’lumotlar doimiy nazorat qilib boriladi.
Ushbu tizimning yana bir qulayligi shundaki, o‘quvchilarning internet tizimidagi mavjud elektron o‘quv platformalari yordamida kitob o‘qish imkoniyati bir necha baravar ortadi. Bu orqali o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini zamonaviy o‘quv tizimi bilan uzviy bog‘liqliligi ta’minlanadi.
Mazkur maktablarda hozirgi kunda raqamli kutubxona platformasiga kiritilgan o‘quvchilar soni 40 ming 689 nafarni tashkil etadi. Tizimga yuklangan kitoblarning umumiy soni 95 ming 686 tadan iborat bo‘lib, undan foydalanib kelayotgan faol kitobxonlarning umumiy soni ayni vaqtda 2 ming 300 nafardan ortiqni tashkil etmoqda.
Press-tur tadbirlari davomida jurnalistlar tomonidan mavzuga doir berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.
N.Usmonova,O‘zA