Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Raqamli iqtisodiyot tizimida elektron davlat xaridlarining o‘rni” mavzusida videokonferensaloqa tarzida davra suhbati o‘tkazildi.
Mamlakatimizda davlat xaridlari sohasi yigirmadan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Amaldagi davlat xaridlari sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlarida mavjud kamchiliklar sababli sohada bir qator muammolar yuzaga kelgan. Xususan, xarid qilish tartib-taomillari, shartnoma majburiyatlarini monitoring va nazorat qilish tizimi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Davlat xaridlari jarayonidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimining samaradorlik ko‘rsatkichi pastligi hamda davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etmaslik holatlari mavjud.
Natijada davlat buyurtmachilari tovarlar (ishlar, xizmatlar) ni xarid qilish uchun ko‘p vaqt sarflashi, shuningdek, investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalar amalga oshirilishining kechikishiga sabab bo‘lmokda. Buning barchasi xarid narxlarining o‘sishi va xarid qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning sifati yomonlashishiga olib kelmokda. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2020 yilning 1 dekabr kuni “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Tadbirda Moliya vazirligi departamenti boshlig‘i G.Rahimova davlat xaridlarini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan asosiy muammolar, ularning yechimi va qonuniy asoslar to‘g‘risida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Mutaxassisning fikriga ko‘ra, bugungi kunda davlat xaridlari sohasida takomillashtirilishi lozim bo‘lgan, o‘z yechimini kutayotgan bir qancha dolzarb masalalar mavjud. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun davlat xaridlarini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini takomillashtirish, davlat xaridlariga oid qonun hujjatlari talablariga amal qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilash, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali dasturiy majmualarni takomillashtirish talab etiladi.
Ta’kidlanganidek, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari amaldagi qonunchilik bilan qamrab olinmagan. Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun bilan strategik tashkilotlar ham xaridlarni qonun asosida amalga oshirishi belgilandi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda 2019 yilda barcha amalga oshirilgan davlat xaridi 97 trillion 985 milliard so‘m yoki YAIMning 19,1 foizini tashkil qildi. Shundan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari 47 trillion 599 milliard so‘m yoki YAIMning deyarli 10 foizini tashkil etgan.
Bu esa jami davlat xaridlarining 48 foiziga teng. Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunda davlat xaridlari jarayonida yanada shaffoflikni ta’minlash, nosog‘lom raqobatning oldini olish, tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish, shuningdek, korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqlanishi belgilanmoqda.
Respublika tovar-xomashyo birjasining mutaxassisi Sh.Ametovaning qayd etishicha, 2020 yil 1 yanvardan davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarini hududlar kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar) o‘rtasida amalga oshirish imkoniyatini beruvchi alohida savdo maydonchasi (milliydokon.uzex.uz) ishlab chiqilgan. Mazkur savdo tizimi ishga tushirilgandan so‘ng qisqa muddat ichida davlat buyurtmachilari tomonidan 314,6 milliard so‘mlik 97 ming 814 ta shartnoma amalga oshirilgan.
Tadbir yakunida kun taritibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA