English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi
18:39 / 2021-12-20

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturining “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish” yangi qo‘shma loyihasi ishga tushirildi.

Loyihani imzolash marosimida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi maslahatchisi Valentin Gusev mazkur loyihaning raqamli tadbirkorlik muhiti va yosh tadbirkorlarning raqamli ko‘nikmalarini yaxshilashda ahamiyati katta ekanini alohida qayd etdi.

– Koronavirus pandemiyasi davrida bir qator ishlarni amalga oshirish zarurati tug‘ildi, – dedi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Yashil va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti direktori O‘tkirjon Xolbadalov. – Aynan shu maqsadda yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha BMT Taraqqiyot dasturi bilan kelishuvga erishildi. Bu loyiha yoshlarning raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlik imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan. Loyiha tegishli mahalliy va xalqaro tashkilotlar ishtirokida muhokamadan o‘tkazilgan va takliflar asosida takomillashtirilgan. Bugun loyiha vazirlik va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida imzolandi. Loyiha uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy qiymati 2 million 100 ming dollar grant mablag‘i asosida amalga oshiriladi.

Ta’kidlanganidek, loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlarning raqamli tadbirkorlik bo‘yicha malaka va imkoniyatlarini oshirish, ularni o‘qitishdan iborat. Shu bilan bir qatorda, hozirgi kunda muhim vazifalardan biri – raqamli tadbirkorlikni moliyalashtirish imkonini kengaytirishdir.

Loyiha raqamli va “yashil” transformatsiya hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hukumat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, faol mehnat bozori siyosatini takomillashtirish va yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dasturiy faoliyatning mantiqiy davomidir. Loyiha “Rossiya Federatsiyasi – BMT Taraqqiyot dasturi rivojlanish maqsadlarida” trast fondi tomonidan moliyalashtiriladi.

BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska mazkur xalqaro tashkilot O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha o‘z ishtirokini kengaytirishdan mamnun ekanini bildirdi.

– Biz hozirgina Rossiya Federatsiyasi ko‘magida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda yangi shartnomani imzoladik. Covid-19 bizga raqamlashtirish juda muhimligini va raqamli rivojlanish talabga aylangani haqida saboq berdi. Shuningdek, biz yoshlarning iqtisodiy taraqqiyotda konstruktiv ishtirok etishi uchun ularga kengroq imkoniyat berilishi muhimligini ham anglab yetdik. Bu, ayniqsa, aholining katta qismini yoshlar tashkil etuvchi va salohiyati yuqori davlat – O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega. Bu loyihadan maqsadi shuki, o‘zbek yoshlari dunyoda ro‘y berayotgan raqamlashtirishdan to‘liq foydalana olishi va uni O‘zbekistonda yanada yuqori darajaga olib chiqishiga qaratilgan. 

Loyiha doirasida yoshlarning ko‘nikmalarini qo‘llab-quvvatlash, buning uchun texnik yechimlarni taqdim etish, shuningdek, yoshlarni raqamli rivojlanishga jalb qilish uchun kerakli muhit mavjudligi va yoshlarning innovatsion moliyalashtirishga ega bo‘lishi uchun vazirlik bilan yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdamiz. Bu yo‘l – kambag‘allikni kamaytirish va inklyuziv rivojlanishni ta’minlashning yagona yo‘lidir. Vazirlik bilan birgalikda bu tashabbusni boshlaganimizdan juda faxrlanamiz va ishimiz to‘liq samarasini berishiga intilamiz, – dedi Matilda Dimovska.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish” yangi qo‘shma loyihasi imzolandi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri