Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli iqtisodiyot va mexanika sohasida xalqaro ilmiy muloqot tashkil etildi
17:11 / 2025-10-24

O‘zbekiston Milliy universitetida ilm-fan va ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Ular doirasida iqtisodiyot va mexanika yo‘nalishlarida dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Iqtisodiyot fakultetida Sankt-Peterburg politexnika universiteti huzuridagi Muhandis-iqtisodiyot oliy maktabining professori, iqtisod fanlari doktori Aleksandr Babkin “Zamonaviy sharoitda raqamli iqtisodiyotning holati, bosqichlari va rivojlanish tendensiyalari” mavzusida ma’ruza o‘qidi.

Ma’ruza davomida professor raqamli iqtisodiyotning jahon miqyosidagi rivojlanish bosqichlari, uning iqtisodiy tizimlarga ta’siri hamda innovatsion texnologiyalar orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yo‘llari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, raqamli transformatsiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi imkoniyatlari va istiqbollari haqida ham fikr almashildi.

Shuningdek, shu kunlarda O‘zMUda “Rahmatulin o‘qishlari” xalqaro simpoziumi ham o‘z ishini boshladi. Anjuman 23-25 oktyabr kunlarida o‘tkazilib, elastik-plastik deformatsiya nazariyasi, ko‘p fazali suyuqliklar mexanikasi va eksperimental aerodinamika yo‘nalishlariga bag‘ishlangan.

“Rahmatulin o‘qishlari” mexanika va texnika fanlari sohasida yirik olim, akademik Xalil Rahmatulin xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy simpoziumdir.

Mazkur ilmiy anjuman O‘zbekistonda mexanika fanini yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan.

Simpoziumda Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan 40 dan ortiq yetakchi olimlar ishtirok etmoqda. Ular Rahmatulin maktabi ilmiy merosini davom ettirish, zamonaviy mexanikadagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashib, yangi tadqiqot loyihalarini muhokama qilmoqda.

Nigora Rahmonova, O‘zA