Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Jahon banki vakili Rita Almeyda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekistonning IT-ta’lim va raqamli iqtisodiyot sohasidagi islohotlari va Jahon bankining qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat edi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning IT-ta’lim va raqamli iqtisodiyot sohasidagi islohotlari, hamkorlik istiqbollari va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Jahon banki vakillari O‘zbekistonning ta’lim tizimidagi yutuqlari va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlari haqida ijobiy fikrlar bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning raqamli transformatsiya jarayonidagi sa’y-harakatlari yuqori baholandi. Jahon banki vakillari bu jarayonni yanada rivojlantirishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
O‘z navbatida, vazir Sh.Shermatov O‘zbekistonning ta’lim tizimidagi islohotlari, xususan, ingliz tili va IT-ta’limiga qaratilgan dasturlarni kengaytirishga doir chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar va IT sohalarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha erishgan yutuqlari ta’kidlanib, innovatsion metodologiyalarni joriy etish orqali talabalar uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishda kuchli raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ularni xalqaro mehnat bozorida talabga javob beradigan malakaga ega qilish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Jahon banki vakillari O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot sohasidagi yutuqlariga qiziqish bildirdi va hamkorlikning kelgusi istiqbollarini muhokama qildi. Vazirlik hamda Jahon banki vakillari raqamli iqtisodiyot va IT-ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
N.Rahmonova,
O‘zA