O‘zbekistonda iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlari izchil davom etmoqda va bu jarayon tadbirkorlik faoliyatini ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. 2026 yildan boshlab hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron to‘lov vositalaridan foydalanish majburiy tus olishi kutilmoqda.
Bu avvalo tadbirkorlik sub’ektlari uchun ish yuritish tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish, moliyaviy hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlash hamda biznesni yangi talablarga moslashtirishni taqozo etadi.
Jizzax viloyati soliq boshqarmasi mutaxassislarining Zafarobod va Arnasoy tumanlariga tashrifi davomida ham aynan shu masalalar atroflicha tushuntirildi. Uchrashuvlarda qayd etilganidek, yaqin vaqt ichida barcha to‘lovlar QR-kodlar va elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Bu o‘zgarish tadbirkorlar uchun qo‘shimcha tashvish emas, balki hisob-kitoblarni yengillashtirish, inson omilini kamaytirish va ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos bo‘lish imkoniyatini yaratadi.
Yangi tartib doirasida aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq yukining 1 foiz miqdorida belgilanishi esa raqamli iqtisodiyotga o‘tishni rag‘batlantiruvchi muhim omil sifatida baholanmoqda. Bu ayniqsa, faoliyatini qonuniy asosda kengaytirishni maqsad qilgan tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Shu bilan birga, elektron hisob-fakturalar va shartnomalarni raqamli tasdiqlash amaliyotining joriy etilishi biznes jarayonlarida ishonch va tezkorlikni oshiradi. Endilikda hujjatlarning SMS orqali tasdiqlanishi tadbirkorlarning vaqt tejashiga xizmat qilib, moliyaviy munosabatlarning oshkoraligini ta’minlaydi. Bu esa yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq bazasini mustahkamlash va davlat bilan biznes o‘rtasidagi ishonchni yanada oshirishga qaratilgan.
[gallery-27577]
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, raqamli tizimga o‘tish tadbirkor uchun qo‘shimcha majburiyatlar yuklashi bilan birga, uning faoliyatini himoya qiladigan, xatarlarni kamaytiradigan va moliyaviy intizomni mustahkamlaydigan samarali vosita hamdir. Hisob-kitoblarning to‘liq avtomatlashtirilishi orqali tadbirkor o‘z biznesini barqaror rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qarata oladi.
Xulosa qilib aytganda, raqamli iqtisodiyot sharoitida ishlash — bu alohida tanlov emas, balki davr talabi. Yangi qoidalarga o‘z vaqtida moslasha olgan tadbirkorgina bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlab, biznesini yangi bosqichga olib chiqa oladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari