Samarqand davlat universitetida 29-30 oktyabr kunlari “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sharoitida aholi bandligini ta’minlash muammolari va istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirdan maqsad – mehnat bozorida talab va taklif muvofiqligiga erishish, ishsizlikni kamaytirish, aholi bandligi darajasini oshirish, raqamli iqtisodiyot sharoitida bandlikning zamonaviy shakllarini joriy etishga qaratilgan.
Konferensiya ishida yurtimiz olimlari, shuningdek, Yevropa, Osiyo, MDH mamlakatlaridan yetakchi tadqiqotchilar, bandlik sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi idora mas’ullari, ishlab chiqarish sohasi vakillari ishtirok etdi.
- Ushbu xalqaro konferensiya mavzusi barcha mamlakatlar uchun dolzarb, - deydi Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. - Biz ushbu anjuman orqali viloyatimizda aholi bandligini ta’minlashga oid bir qator yangi g‘oya va fikrlar oldik. Bu loyihalarni vazirlik darajasida amalga oshirishni reja qilganmiz. Qaysiki sohaga ilm-fan kirib borsa, o‘sha soha albatta rivojlanadi, kamroq xato bo‘ladi. Biz ham jamoamiz bilan ushbu konferensiya ishiga jiddiy e’tibor bilan yondashganmiz.
Anjuman doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil qilindi. Unda bitiruvchi kurs talabalari bilan ish beruvchi 50 ga yaqin tashkilot o‘rtasida manfaatli aloqalar o‘rnatildi.
- Biz bilimli, ishchan talabalarni ishga taklif qilish bilan birgalikda, ular uchun imtiyozli 7 yilga mo‘ljallangan ta’lim kreditlarini ham taklif qilamiz, - deydi “Turonbank” ATB xodimi, Samarqand davlat universiteti magistranti Doston Aminjonov. - Albatta, ushbu konferensiya mavzusi dolzarb. Universitetimiz bu muammoni ilm yo‘li bilan tahlil etib, bartaraf etishni maqsad qilgani juda ajoyib.
Konferensiyada Rossiya, Vengriya, Bahrayn, Hindiston va Belarus kabi davlatlardan olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib, sohadagi ilmiy tadqiqotlar, hozirda vujudga kelgan yangi sohalar va dolzarb muammolar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.
Azamat Sayfullayev, Samarqand davlat universiteti talabasi:
- Biz xalqaro anjuman doirasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida qatnashib, shahrimizdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot oldik. Ko‘plab banklar tomonidan talabalarga ta’lim kreditlari, bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi. Bu biz uchun yangi imkoniyatlar eshigidir.
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati