Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Raqamli hukumat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan
10:57 / 2026-01-22

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan qo‘mitaning 2025 yilgi faoliyati yakunlari hamda joriy yildagi rejalari yuzasidan OAV vakillari uchun ochiq muloqot va press-tur tashkil etildi.

Ma’lum qilinganidek, qo‘mita o‘tgan yildagi faoliyati davomida 11 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘lgan, ulardan 9 tasi qabul qilinib, Oliy Majlis Senatiga yuborilgan. 2 tasi ikkinchi o‘qish muhokamasiga tayyorlanayotgani aytib o‘tildi.

Qonun ijodkorligi yo‘nalishida qo‘mitaning bir guruh deputatlari tomonidan “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Mazkur qonun shu yil 21 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolandi.

Ushbu hujjat sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash hamda mazkur sohada yuzaga keladigan munosabatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalardan kelib chiqib, qo‘mita tomonidan kiberkorrupsiya yo‘nalishidagi munosabatlarni tartibga solishda huquqiy bazani mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga davlat organlari faoliyatining raqamli shaffofligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qo‘mita kelgusidagi faoliyati davomida davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida innovatsiyalar va axborot texnologiyalari sohasida belgilangan muhim vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirgan.  

Jumladan, qonunchilik jarayonlarining tezkor va sifatli bo‘lishi, parlament nazoratining samaradorligini ta’minlash hamda fuqarolar murojaatlarini tahlil qilishning ilg‘or usullarini joriy etish maqsadida Qonunchilik palatasi faoliyatiga, qonun ijodkorligi jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni maqsad qilgan.  

Shuningdek, elektron xizmatlardan foydalanishda fuqarolarga qulayliklar yaratish, ular ishtirokini yanada oshirish, aholining barcha qatlamlari, shu jumladan nogironlar, keksalar va olis hududlarda yashovchi fuqarolarning raqamli imkoniyatlardan foydalanishini kengroq ta’minlash maqsadida “Raqamli hukumat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Muhtarama Komilova,

O‘zA