Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli dunyoda mablag‘imiz xavf ostida bo‘lmasligi uchun ogohlikni yanada kuchaytirishimiz zarur
17:40 / 2025-11-12

Qaror va ijro

Har bir sohaning global tarmoqqa integratsiyalashuvi va raqamlashtirish jarayonlari fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq bu jarayonning ikkinchi tomoni ham borki, u har bir zamonaviy insondan ogohlikni talab etadi.

Yoshi katta onaxonning pensiyasi, talabaning stipendiyasi yoki endigina maosh olgan insonning hisobidagi mablag‘ kiberjinoyatchilar nishoniga aylanayotganiga guvohmiz. Bu tashvishli holat sanaladi.

Bunday vaziyatga duch kelgan fuqarolar moliyaviy zarar tufayli halovatini yo‘qotadi. Ko‘pchilik, aksar hollarda, qayerga murojaat qilishni bilmay qoladi. Murojaat qilinganda ham kiberjinoyatchini aniqlash va mablag‘ni qaytarib olish amrimahol.

Demak, bugungi raqamli davr bizdan onlayn xaridlar, to‘lovlar va turli elektron xizmatlardan foydalanishda yanada ehtiyotkor bo‘lishni talab qilmoqda. Chunki raqamli makondagi arzimagan e’tiborsizlik katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi besh yil ichida mamlakatimizda kiberjinoyatlar 68 baravarga, faqat o‘tgan yilning o‘zida esa 2023 yilga nisbatan 9,1 baravarga oshgan. Shu davrda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar soni 34 baravarga ko‘paygan. Mazkur jinoyatlar natijasida fuqarolarning juda katta mablag‘i talon-toroj qilingan.

Kiberjinoyatlarning asosiy qismini bank kartalari bilan bog‘liq holatlar tashkil etadi. Ular, asosan, zararli havolalar va dasturlar, bank kartasi yoki mobil qurilmani nazorat qilish orqali sodir etiladi. Shuningdek, aldov yo‘li bilan mobil ilovalar va bank kartalarini tasdiqlovchi SMS-kodlarni qo‘lga kiritish usuli ham keng tarqalgan.

Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida Prezidentning 2025 yil 30 apreldagi “Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Unga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi mamlakatda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Banklar va to‘lov tashkilotlariga esa kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish, hujumlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy javobgarlik yuklatildi.

Endilikda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda shaffoflik va banklar javobgarligini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Har yil yakunida O‘zbekistonda eng ko‘p kiberjinoyatlar sodir etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati e’lon qilinadi. Bu orqali fuqarolar mablag‘larining xavfsizligi va axborot tizimlarining ishonchliligi bo‘yicha ochiq statistika taqdim etiladi.

Shu paytgacha banklarda yoki to‘lov tashkilotlarida pul o‘g‘irlanganda bu haqdagi ma’lumotlar e’lon qilinmasdi. Endi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi eng ko‘p kiberjinoyatlar qayd etilgan banklar ro‘yxatini ommaga ma’lum qiladi.

Yil oxirida har bir moliya muassasasi kiberxavfsizlik samaradorligi bo‘yicha baholanadi. Qaysi bank himoyani kuchaytirgani, qaysisi zaiflikka yo‘l qo‘ygani ochiq ko‘rsatiladi. Agar kiberjinoyat bank yoki to‘lov tashkilotining aybi bilan sodir etilgan bo‘lsa, u holda voqea tafsilotlari, o‘g‘irlangan summa va ishlatilgan kiberhujum usullari ham e’lon qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, bu tizim kiberxavfsizlikni mustahkamlash, moliya muassasalarining javobgarligini oshirish va fuqarolar mablag‘larini himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, u kiberjinoyatlarning sabablarini aniqlash, ularning oldini olish hamda profilaktika choralarini kuchaytirishda samarali mexanizm sifatida xizmat qilmoqda.

Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbiri