Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli dunyoda kiber xavfsizlikning ahamiyati (+video)
14:59 / 2024-03-13

Kiber jinoyatlarning oldini olish, ayni yo‘nalishdagi qoida buzarlikka qarshi kurashish bugungi kunning muhim vazifalari sifatida e’tirof etiladi. Quvonarlisi, eng zamonaviy texnologiya va tajribadan foydalangan holda kiber xavfsizlikni ta’minlab kelayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar ham kam emas. O‘zA nigohi tushgan, Anvar va Nurbek  Qo‘chqortoyevlar asos solgan “CyberGamp” kompaniyasi faoliyati bunga yaqqol misol.

– Biz mijozlarimizga o‘zlarini kiber jinoyatdan himoya qilish, Jahon o‘rgimchak to‘ri (World Wide Web – WWW)ga bog‘langan dunyoda xavfni kamaytirish, qoidalarga rioya qilish va lozim bo‘lganda operatsiyalarni o‘zgartirishda yordam beramiz, – deydi  kompaniya rahbari Anvar Qo‘chqortoyev. – Insoniyatni tashvishga solayotgan global muammolardan biri – kiber jinoyatni sodir etuvchilar sodda odamlarni bor-yo‘g‘idan ayirish, moliya tarmoqlarini kuchsizlantirish kabi noo‘rin harakatlarni zimdan amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, virusli dasturlar tarqatish, parolni buzib kirish, internet orqali qonunga zid axborot, xususan bo‘hton, ma’naviy buzuq ma’lumot tarqatish orqali bashariyat hayotiga jiddiy xavf solmoqda.

Qahramonimiz hozirgi kunda Ispaniya Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi (International Telecommunication Union) global xavfsizlik reytingida yuqori o‘rinda turgan “CyberGamp” kiber xavfsizlik va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan bir necha ilg‘or mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatganini aytdi.

Ma’lumot tariqasida qayd etish joiz, “CyberGamp” 2019-yil Madrid shahrida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati IT-texnologiyalari va kiber xavfsizlik sohasida maslahat berishga yo‘naltirilgan. Kompaniya “Amazon Web Services”, “Microsoft”, “Google”, “IBM” kabi dunyoning yetakchi brendlari bilan hamkorlik qiladi.

– Axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis qanday tayyorlanadi?  – bu savolga quyidagicha javob berish mumkin, – deydi Nurbek Qo‘chqortoyev. – Axborot xavfsizligi juda keng tushuncha, shuning uchun hammayam bu sohada ishni qay tarzda boshlash, qanday rivojlanish kerakligini bilmaydi. Bo‘lajak mutaxassislar anglab yetishi zarur: aksar ish beruvchi, avvalo, oliy ma’lumot talab qiladi. Qolaversa, keyin ham qo‘shimcha ravishda mahoratni oshirib borish uchun tinimsiz mehnat qilish darkor.

Kiber xavfsizlik bo‘yicha bilim yoki malaka oshirishni xohlovchilar uchun ko‘plab o‘quv markazlari, onlayn resurslar mavjud. Zaiflikni aniqlash mutlaqo qonuniy. Ko‘pgina kompaniyalar “Bug Bounty” (Xato uchun mukofot) dasturlarini yaratadi. Bu sohada, hatto, zaif nuqtani aniqlagan mukofot olishi mumkin.

Bundan tashqari axborot xavfsizligi kompaniyalari konferensiya, mahorat darsi va onlayn seminarlar o‘tkazadi, foydali ma’lumotlarni nashr etadi.

Bu sohada faoliyat yuritgan inson raqibi kimligini, uning qudratini mufassal bilishi shart. XX asr oxiridan boshlab ommaviy madaniyatda yangi tushuncha paydo bo‘ldi – “kompyuter xakeri”, kompyuter xavfsizlik tizimini atay chetlab o‘tuvchi dasturchi. Bular kimlar?

“Xaker” so‘zi (inglizcha hacker, to hack – qirqmoq, tirqish yasamoq) kompyuter texnikasi va dasturlash sohasidagi polisemantik atama sifatida, dastlabki davrlarda dasturiy ta’minotdagi xatolarni, qandaydir, tez yoki ijobiy tarzda tuzatadigan dasturchi tushunilgan.

Keyingi payt kiber hujum ortib borayotgani bois, xavfsizlikni ta’minlovchilar xaker kabi fikrlab, ularning zaif tomonini aniqlashi  talab etilmoqda.

Korxonalar kiber hujumdan himoyalanish uchun an’anaviy usullardan foydalanishda davom etayotgan bo‘lsa-da, bular murakkab operator tomonidan hujumning oldini olish uchun yetarli emas.

Xakerlar, asosan, uch toifaga bo‘linadi: oq, qora va kulrang shlyapali xakerlar. Bundan tashqari “qizil”, “yashil”, “ko‘k” va boshqa rangli xakerlar ham uchrab turadi.

Oq shlyapali xakerlar mahoratidan faqat yaxshi maqsadda foydalanadi.  Ular “axloqiy xakerlar” deb ham atalib, xavfsizlik zaifliklarini aniqlash va holatni tuzatishda tashkilotlarga ko‘maklashadi.

Qora shlyapali xakerlar kiber jinoyatchilar va hujumchilardir. Ular tizim, tarmoq va hisobdagi zaiflikdan ma’lumot o‘g‘irlash, zararli dastur o‘rnatish yoki odamlar va tashkilotlar faoliyatini buzish uchun foydalanadi. Qora qalpoqli xakerlar moliyaviy foydani ko‘zlaydi. Hatto, qasos olishga intilishi, josuslik bilan shug‘ullanishi, birov nomidan hujum uyushtirishi ham mumkin.

Kul rang xaker oq va qora xaker o‘rtasidagi kimsa, ya’ni qobiliyatini ba’zan yaxshilik, ba’zan yomonlik uchun ishlatishi mumkin.

Qizil xaker o‘z mahoratidan kiber jinoyatga qarshi kurashda tashkilot va shaxsga yordam berish uchun foydalanadi. Ular ko‘pincha qora qalpoqli xakerlarga qarshi kurashadi va hatto, o‘z ma’lumoti va faoliyatini jamoatchilikka oshkor qilish uchun ijobiy kiber hujumlar uyushtiradi. Qizil xakerlar kiber jamiyat hushyorlari sifatida tanilgan.

Yashil xakerlar boshqa turdagi xakerlar kabi malakali emas, lekin ko‘proq o‘rganishni xohlaydi, kiber hamjamiyati, aniqrog‘i xakerlar hamjamiyatiga yangi shamol olib kirishda muhim rol o‘ynaydi.

Tashkilotlar tizimdagi xavfsizlik zaifligini aniqlash uchun, odatda, moviy xakerlarni yollashadi. Moviylar ham oq qalpoqli xakerlarga o‘xshab kiber xavfsizlik infratuzilmasini yaxshilashga yordam berish orqali faoliyat yuritishadi.

Tashkilot zararli xakerdan qanday himoyalanadi?

Zararli xakerlardan himoyalanish uchun ayrim ko‘rsatmalarga amal qilish kerak.

Hujumdan himoyalanishda kuchli va noyob parollardan foydalanish kerak. Qora niyatli xakerlar zaif va keng tarqalgan parollardan foydalanadiganlarni ko‘proq nishonga oladi.

Bizning “CyberGamp” kompaniyamiz O‘zbekistondagi banklar, mutasaddi xodimlar bilan moliya-kredit sohasida kiber xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida hamkorlik o‘rnatish, o‘zaro tajriba almashish  bilan ham shug‘ullanadi. Shuningdek, biz mijozlarga keng qamrovli maslahat orqali ko‘maklashishga ham tayyorligimizni bildiramiz.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/azGoWOyGsNw" title="Raqamli dunyoda kiber xavfsizlikning ahamiyati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muharrama Pirmatova tayyorladi, Ulug‘bek To‘xtayev (video)

O‘zA