Bojxona xizmati organlarida “Raqamli bojxona” tamoyilining joriy qilinishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini ham naqdini tejashga xizmat qilmoqda. Jumladan, “Xavflarni boshqarish” va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimlari va elektron xizmatlar yordamida bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqt tobora qisqarmoqda.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda shular haqida so‘z bordi.


Tadbirda Prezidentimizning 2022 yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni mazmun-mohiyati, bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohot va yangiliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bu yil davomida bojxona to‘lovlari yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 sentyabrdagi “Bojxona bojlaridan ozod qilinadigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, xom ashyo va materiallar, tibbiy buyumlar va qadoqlash materiallari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida so‘z bordi.
Tadbir ishtirokchilari boshqarmada yangi tashkil etilgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti faoliyati bilan tanishdi. O‘tgan davr mobaynida “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postida jami 15 ming 455 ta deklaratsiya rasmiylashtirilib, hisoblangan bojxona to‘lovlaridan 424,1 milliard so‘m davlat byudjetiga o‘tkazilgan.


Tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan 201,9 million AQSH dollaridan ziyod mahsulotlar xorijga eksport uchun rasmiylashtirilgan. Sodda qilib aytganda, bojxonada zamonaviy raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali tovar va transport vositalari qanchalik tez chiqarib yuborilsa, mahalliy ishlab chiqarish, eksport-import operatsiyalari shunchalik tezlashadi.
Tadbirda jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA