“Raqamli avlod qizlari” tanlovining viloyat bosqichi
Buxoro shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Buxoro filialida “Raqamli avlod qizlari” tanlovining viloyat bosqichi boshlandi.
Tanlovning ochilish marosimida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor To‘yev ishtirok etib, zamonaviy bilim va innovatsion g‘oyalar bilan maydonga chiqqan ishtirokchi qizlarga samimiy tilaklar bildirdi. Raqamli texnologiyalarni egallagan, tashabbuskor va bilimli qizlar yurtimiz kelajagining mustahkam poydevori ekanini alohida ta’kidladi hamda barcha ishtirokchilarga omad tiladi.



Tanlov doirasida jami 74 ta innovatsion loyiha taqdim etilgan. 16–20 yosh toifasida 58 nafar o‘quvchi, 21–30 yosh toifasida 16 nafar ishtirokchi o‘z bilim va salohiyatini namoyon etmoqda. Tanlov g‘oliblari xorijga ta’lim sayohati imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.