Ikki kun davomida “Raqamli avlod qizlari” tanlovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida mazkur tanlovda g‘olib bo‘lgan iqtidorli qizlarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Guliston Kojabayeva ishtirok etib, raqamli texnologiyalar sohasida o‘z salohiyatini namoyish etgan g‘olib qizlarni muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasiga qiziquvchi iqtidorli o‘quvchi va talabalar orasidan eng munosiblarini aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlov 2021 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinmoqda. “Raqamli avlod qizlari” tanlovi raqamli davrda ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi muhim qadam bo‘ldi.
[gallery-27040]
Tanlov yakunida 16-20 yoshlar toifasi bo‘yicha birinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Asal To‘rayeva hamda Shabnam Mansurova, ikkinchi o‘rinni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Nukus filiali o‘quvchisi Aksungil Adilbekova, uchinchi o‘rinni Nukus shahridagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari Dinara Umirbekova hamda Shahzoda Xaliliyeva, 21-30 yosh toifasi bo‘yicha birinchi o‘rinni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalari Shohida Qarlibayeva hamda Venera Joldasbayeva, ikkinchi o‘rinni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Zilola Allakova, uchinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani 42-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Nurjamila Jo‘lmurzayevalar egallashdi.
Tadbir yakunida g‘oliblarga vazirlik tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari