French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Raqamli avlod qizlari” tanlov g‘oliblari aniqlandi
17:40 / 2026-03-07

Mamlakatimizda yoshlarning, ayniqsa, qizlarning ilm-fan, innovatsiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi faolligini oshirish, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda joriy yilning 1 – 6-mart kunlari “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovining final bosqichi tashkil etildi. Unda respublikamizning turli hududlaridan saralab olingan iqtidorli qizlar o‘zlarining innovatsion va istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etdi. 

Quvonarlisi, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali vakillaridan tashkil topgan jamoa ham mazkur nufuzli tanlovda munosib ishtirok etdi. Dastlab tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 21–30 yosh toifasi bo‘yicha filialning 1-bosqich magistranti Shahida Qarlibayeva hamda jamoa a’zosi Venera Joldasbayeva tomonidan taqdim etilgan “Ecopost” loyihasi hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda respublika final bosqichiga yo‘llanma oldi.

Final bosqichida ham jamoa o‘zining innovatsion g‘oyasi bilan faol ishtirok etib, g‘oliblar safidan joy oldi. Loyiha hakamlar hay’ati tomonidan dolzarbligi, amaliy ahamiyati hamda ekologik muammolarga innovatsion yechim taklif etgani bilan alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlash joizki, “Ecopost” loyihasi bugungi kunda ekologiya uchun jiddiy muammoga aylanib borayotgan plastik chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan. Loyiha doirasida taklif etilgan maxsus idishlar qo‘y junidan tayyorlanadi va 100 foiz tabiiy, ekologik toza mahsulot hisoblanadi.

Ushbu ekologik idishlarning yana bir muhim jihati shundaki, ular ko‘chat ekish jarayonida tuproq bilan birga yerga qo‘shib ekiladi. Natijada idishlar o‘simliklarning yaxshi o‘sishiga xizmat qiladi, organik o‘g‘it vazifasini bajaradi hamda ildizlarni turli zararkunandalardan himoya qilishga yordam beradi. 

Final bosqichida taqdim etilgan loyihalar 5 ta yo‘nalish bo‘yicha saralandi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 12 nafar iqtidorli qiz g‘olib deb topildi. Ular orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan qatnashgan filial magistranti Shahida Qarlibayeva jamoasining ham borligi alohida quvonarli.

Tanlovning tantanali taqdirlash marosimida g‘olib bo‘lgan qizlarga Xitoy davlatiga ta’lim sayohati yo‘llanmasi topshirildi. Bu esa yoshlarning bilim va tajribasini yanada boyitish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidan final bosqichiga yo‘l olgan filial vakillarining ushbu yutug‘i nafaqat filial jamoasi, balki hudud yoshlarining ilmiy va innovatsion salohiyati yuksalib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. 

Dovud Abibullayev, O‘zA