Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” NNM bilan hamkorlikda joriy yilning 6-7 yanvar kunlari “Raqamli avlod qizlari ”Respublika tanlovining hududiy bosqichi tashkil etilmoqda.
Unda tanlovning tuman(shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan qizlar ishtirok etmoqda. Hududiy bosqichda har bir hududdan eng yuqori ball egallagan 1, 2 va 3-o‘rin sohiblari (har bir yosh toifasi bo‘yicha) Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Tanlovda ishtirokchi qizlar ta’lim, sun’iy intellekt, yashil iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishi kabi yo‘nalishlarda o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etyapti.
“Raqamli avlod qizlari” tanlovi 2021 yildan buyon doimiy ravishda o‘tkazib kelinadi. Hozirga qadar unda 100 ming nafardan ortiq qizlar ishtirok etdi. Tanlovning dastlabki bosqichida 92 ming nafardan ortiq qizlar qamrab olindi.
[gallery-27003]
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Raqamli avlod qizlari”da nafaqat o‘zbekistonlik, balki sohaga qiziquvchi xorijlik o‘quvchilar ham qatnashib kelmoqda. Xususan, o‘tgan yillar davomida loyihada Birlashgan Arab Amirliklari, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Iordaniya va Xitoydan ham qizlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi.
Mazkur loyiha doirasida o‘tgan davr mobaynida ishtirokchi qizlar tomonidan 400dan ortiq loyihalar ishlab chiqilgan. 2024-2025 yillarda loyihada g‘olib bo‘lgan qizlar Birlashgan Arab Amirliklari va AQSHda ta’lim sayohatida bo‘ldi. Ta’lim sayohati davomida ishtirokchilar shaharlarning diqqatga sazovor joylari bilan birgalikda Emirates National School, Garvard, Massachussets texnologiya institutlaridagi ta’lim jarayonlari bilan tanishdi.
Joriy yilda ham g‘olib ishtirokchilar xorijiy davlatga ta’lim sayohati yo‘llanmasini yutib oladi.
– Ushbu tanlovda yomg‘ir suvidan unumli foydalanib, uni sug‘orishda muammosi bo‘lgan hududlarga ko‘mak berishni ko‘zlovchi loyiham bilan qatnashayapman, – dedi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Benazir Abdulakimova. – Uning dastlabki startap jarayoni, statistikasi, model shakli ham yaratilgan. Mazkur loyiha avval laboratoriya sharoitida ishlatildi. Keyinchalik uni maktab issiqxonasida qo‘llash ko‘zda tutilmoqda. Bunday tanlovlar o‘z loyihalarimizni keng jamoatchilikka taqdim etish, iqtisodiy ko‘makka ega bo‘lish, raqamli texnologiyalar sohasida bilimlarimizni yanada boyitishda katta yordam beradi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov(suratlar),
O‘zA muxbirlari