Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda joriy yilning 1-6-mart kunlari “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovining final bosqichi tashkil etildi.
Jarayonlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” bolalar oromgohida bo‘lib o‘tdi.
Bo‘stonliqning o‘rigu bodom daraxtlari chappar gullagan, tog‘lari qordan do‘ppi kiygan so‘lim go‘shada o‘tgan ma’rifiy loyiha yosh tadqiqotchi qizlar uchun o‘z startap loyihalarini taqdim etish, o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Unda tanlovning hududiy bosqichida g‘olib bo‘lgan qizlar ishtirok etdi.
Jarayonlar davomida xorijiy malakali ekspertlar ishtirokida mahorat darslari ham o‘tkazildi.
Tanlovda ishtirokchi qizlar tomonidan yeri sho‘r hududlarda ichimlik suvini sifatini yaxshilashga yordam berishga qaratilgan “Aralflow”, universitet talabalariga amaliyot uchun yordam beradigan “Rotation”, daraxt va ko‘chatlarni ekishga yordam beruvchi “Green market” platformasi kabi loyihalar taqdimot qilindi.

“Raqamli avlod qizlari” tanlovi 2021-yildan buyon doimiy ravishda o‘tkazib kelinadi. Hozirga qadar unda 100 ming nafardan ortiq qizlar ishtirok etishdi.
“Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat ta’lim muassasasi rahbari Azamat Jalolovning aytishicha, tanlovning bu galgi mavsumida ishtirok etish uchun 92 ming nafardan ortiq qizlar ariza qoldirgan. Shundan 84 ta loyiha Respublika bosqichiga tavsiya qilindi. Taqdim etilgan loyihalar ta’lim, yashil iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi, sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarni o‘ziga qamragani e’tiborga molik.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Raqamli avlod qizlari”da nafaqat o‘zbekistonlik, balki sohaga qiziquvchi xorijlik o‘quvchilar ham qatnashib kelishmoqda. Xususan, o‘tgan yillar davomida loyihada Birlashgan Arab Amirliklari, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Xitoy kabi davlatlardan ham qizlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishdi.
Mazkur loyiha doirasida o‘tgan davr mobaynida ishtirokchi-qizlar tomonidan 400 dan ortiq loyihalar ishlab chiqilgan. Bu yilgi tanlovda ishtirokchilar 16 yoshdan 20 yoshgacha hamda 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan toifada o‘z loyihalarini taqdim etdi.

- Tanlov uchun taqdim etgan loyiham chayonning zahridan tibbiyot va kosmetologiya uchun zarur davolash vositalari olishni ko‘zda tutadi, – dedi Termiz davlat universiteti talabasi Feruza To‘xtamurodova. – Loyiham ustida kelgusida yanada puxtaroq ishlash, uni takomillashtirish niyatim bor.
– Men xlorella o‘simligidan bioyoqilg‘i olishga oid loyihamni taqdim etdim, - dedi Jizzax shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Dinara Nuriddinova. – Mazkur tanlov jarayonida bilimlarimiz yanada boyidi. O‘zimiz kabi ilmiy izlanish yo‘lidagi qizlarning faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
2024-2025-yillarda loyihada g‘olib bo‘lgan qizlar Birlashgan Arab Amirliklari va AQSHda ta’lim sayohatida bo‘lishdi.
Joriy yilda ham g‘olib ishtirokchilar xorijiy davlatga ta’lim sayohati yo‘llanmasini yutib olishdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri