Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Raqamli avlod qizlari-2021” forumi o‘tkazildi
13:07 / 2021-03-10

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan qizlarning axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishini oshirish, ishtirokini rag‘batlantirish, ta’limni targ‘ib qilish hamda yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida “Raqamli avlod qizlari-2021” forumi o‘tkazildi.

Dastlab, forumda qatnashish istagini bildirgan 1 ming 241 nafar qizdan 45 nafari ikki bosqichli saralash asosida tanlab olindi. Bunda ularning bilim va tajribasi, jamoada ishlash qobiliyati, tashabbuskorligiga alohida e’tibor qaratildi.

3 kun davomida ishtirokchilarga malakali mentorlardan veb-dasturlash, grafik dizayn, loyihalarni boshqarish yo‘nalishlarida bilim berildi. Guruhlarga bo‘lingan holda ta’lim, tibbiyot, turizm sohalarida ma’lum ijtimoiy muammo yechimiga yo‘naltirilgan loyiha ishlab chiqildi.

Forum yopilishiga bag‘ishlab tashkil etilgan tantanali marosimda 15 jamoaning loyihalari hakamlar hay’atiga taqdim etildi. Daun sindromli bolalarning umumiy ta’lim olishiga yo‘naltirilgan “Porla” ijtimoiy loyihasining mobil ilovasi taqdimoti ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir so‘ngida eng dolzarb va innovatsion, deb topilgan loyihalar rag‘batlantirildi.

 

Mohigul Qosimova,

Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA