Poytaxtimizda Prezident ta’lim muassasalari agentligi, “Zamin” Xalqaro jamoat fondi va “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlab “Raqamli avlod – 2022” IT oromgohi o‘z faoliyatini boshladi.
Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan darslarda “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Prezident maktablari, ijod maktablari, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari, zaif eshituvchi maktab-internatlar, Mehribonlik uylarining o‘g‘il-qizlari ishtirok etdi.
[gallery-8488]
Zamonaviy axborot va media texnologiyalarga qiziquvchi yoshlar uchun dasturlashning Python, Flutter, React.Js, C#(.Net), media, robototexnika, Digital Design, Startup loyihalarga oid mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
– bugungi kunda yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi katta, – dedi Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Fazliddin Ismoilov. – IT oromgoh mashg‘ulotlari ham aynan o‘quvchi-yoshlarning qiziqishini inobatga olgan holda tashkil etilgan. Hozirda oromgohning onlayn mashg‘ulotida 3300 nafar, offlayn mashg‘ulotida esa 170 nafardan ortiq o‘quvchi-yosh qatnashmoqda. Mashg‘ulotlarda esa xorijiy kompaniyalarda ishlayotgan va o‘z sohasining ustasi bo‘lgan yosh mutaxassislar dars beradilar.
– Kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishiga juda qiziqaman, – dedi Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Sevinch Namozova. – Ushbu oromgoh o‘zimiz kabi IT va mediaga qiziquvchi tengdoshlarimiz bilan tanishish, zamonaviy axborot texnologiyalariga doir bilimlarimizni yanada boyitish imkonini beradi.
Besh kun davom etadigan oromgoh mashg‘ulotlari doirasida xakaton, kontest, robolabirint musobaqalari, tajribali dasturchilar ishtirokidagi mahorat darslari ham bo‘lib o‘tadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri