Namangan shahrida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida byuro idoralarida raqamlashtirish samaralari, o‘tgan 2025 yilda boshqarma hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud va boshqa organlardan kelayotgan hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Tadbir avvalida MIB Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov axboroti tinglandi. Unga ko‘ra, Prezidentimizning 2024 yil 3 yanvardagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan raqamlashtirish jarayoni ijro tizimiga izchillik bilan tatbiq qilindi.

Bugungi kunda byuroning “MIB – portal” dasturi 39 ta vazirlik, idora va tashkilotning 68 ta axborot tizimiga integratsiya qilinib, sudlar va 52 ta ma’muriy organdan ijro hujjatlarini elektron tarzda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 36 ta ijro harakatidan 22 tasi yangi elektron platforma orqali amalga oshirilmoqda.
Buning natijasida, Namangan viloyatida o‘tgan yilning o‘zida ijro ishi doirasida 615 ming qarordan 260 mingtasi yoki 42 foizi inson omili aralashuvisiz, avtomatik tarzda qabul qilingan. Har bir ijro harakati, shu jumladan, qo‘llanilgan cheklovlar haqida qarzdorlarni avtomatik xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgandan keyin, 895 ming “SMS” xabarnoma avtomatik tarzda fuqarolarga jo‘natildi.

Muhim jihati shundaki, ijro jarayonida qarzdorlar mulklarini begonalashtirish orqali to‘lovlardan bo‘yin tovlashning oldini olish maqsadida mulklarni aniqlash, ularga taqiq qo‘yish, transportlarga qidiruv e’lon qilish, yuridik shaxslarning hisob-varaqlariga inkasso va band qo‘yish jarayoni to‘liq avtomatlashtirildi.
Shuningdek, o‘tgan yili qarzdorlarga tegishli 312 ming 853 ta ko‘chmas mulkka va 154 ming 821 ta avtotransport vositasiga taqiq, hisob-varaqlarga esa 81 ming 340 ta band, 27 ming 700 taga inkasso qo‘yildi va 67 ming 239 ta transportga qidiruv e’lon qilindi.

Ahamiyatlisi, sohani raqamlashtirish tufayli mehnat unumdorligi qariyb uch barobarga oshdi. Jumladan, 2021 yilda bir nafar davlat ijrochisi oyiga o‘rtacha 92 ta ijro ishini tamomlagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 277 taga yetdi. Albatta, sohadagi raqamlashtirish jarayonlari ijro samaradorligi oshishiga xizmat qilmoqda. Ko‘rilgan choralar natijasida 2025 yilda 2,2 trillion so‘m undirilib, 614 ming hujjat ijrosi ta’minlandi.
Axborot texnologiyalari yordamida masofaviy tarzda ishlaydigan MIB tumanlararo bo‘limlari tomonidan 74,8 milliard so‘mlik 164 ming 550 ta hujjatning ijrosi ta’minlandi. Bugungi kunda muhim strategik yo‘nalishlaridan biri – energiya resurslari sohasida 3 ming 837 ta hujjat tamomlanib, 49,9 milliard so‘mlik qarzdorlik undirildi. Bundan tashqari ijtimoiy ahamiyatga ega ijro hujjatlari borasida ham tizimli ishlar qilinmoqda.

Qayd etilganidek, 2026 – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da joylarda davlat ijrochilari ham qarorlar ijrosini ta’minlashda viloyatdagi 754 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Mahallalardagi “yettilik” bilan ishlash va aholining dolzarb masalalariga quloq tutish, muloqotga kirishish byuro tizimi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan bo‘lib qoladi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar va blogerlarni sohaga oid qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.