Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamlashtirish va sun’iy intellektning mehnatni muhofaza qilishdagi roli
11:37 / 2025-04-25

Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Raqamlashtirish va sun’iy intellektning mehnatni muhofaza qilishdagi roli” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari, qurilish kompaniyalari va tashkilotlarning 300 nafardan ziyod mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillari va kasaba uyushmasi a’zolari ishtirok etdi. 

Dastlab ishtirokchilar tadbir doirasidagi ko‘rgazma bilan tanishdi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar “Munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasining hamkorligi”, “Sanoat korxonalarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda ijtimoiy sheriklik”, “Raqamlashtirish va sun’iy intellektning mehnatni muhofaza qilishdagi roli” kabi mavzularda ma’ruza qildi. 

– Korxona va tashkilotlardagi xodimlarni mehnat huquqlarini himoya qilish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratilishini nazorat qilish va uslubiy yordamlar ko‘rsatish maqsadida Inspeksiyamiz tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 75 dan ortiq nazorat tadbirlari o‘tkazildi, – deydi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Dilshod Usmonov. – Nazorat tadbirlarida 150 dan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, xodimlarimiz tomonidan muntazam ravishda ish beruvchilar va ularning vakillari ishtirokida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning 1-choragida 120 nafardan ortiq fuqarolarning mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi murojaatlari o‘rganib chiqildi.

Seminar davomida sanoat korxonalarida mehnatni muhofaza qilishni tashkil etish va xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ish beruvchi tomonidan majburiy sug‘urta qilish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida ham atroflicha tushuntirish va tavsiyalar berildi. 

Tadbir yakunida korxonalarga amaliy hamkorlik va mehnatni muhofaza qilishni samarali tashkil etgan bir guruh xodimlarga tashakkurnomalar topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri