Ma’lumki, shu yil 21 oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi qator vazifalar belgilab berildi.
Ta’kidlash lozim, bugungi kunda barcha sohalarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, siyosiy prtiyalar faoliyatida ham bu jarayonlar izchil olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan partiya tizimida ish samaradorligini oshirish hamda shaffoflikni ta’minlash maqsadida raqamlashtirish ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Partiya Markaziy Kengashida partiya rahbari Abdushukur Hamzayev ishtirokida raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilinib, partiya tizimidagi raqamlashtirish jarayonlariga sun’iy intellekt imkoniyatlarini ham joriy qilish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Qayd etilganidek, dastlabki jarayonda atrof-muhitga befarq bo‘lmagan fuqarolar uchun uydan chiqmagan holda partiyaga a’zo bo‘lish, hududlar kesimida aniq va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan tahlillar olib borish kabi bir qator qulayliklar yaratilgan edi.
Endilikda bu tizim yanada takomillashtirilib, bir qator qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, fuqaro partiyaga a’zo bo‘lgan zahoti tasdiq SMS xabarnomasi orqali bu haqda ma’lumotga ega bo‘ladilar. Partiya tomonidan rejalashtirayotgan tadbirlar haqida hududlar kesimida eslatma (SMS xabar orqali) yuborish mumkin.

Shuningdek, hududlar kesimida partiya a’zolarining sifat tarkibi va soni haqida doimiy axborotga ega bo‘lib borish mumkin. Partiya safiga qo‘shilgan yangi a’zolar partiya guvohnomasini sayt orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ish jarayonini raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish borasidagi ishlar muntazam takomillashtirib boriladi. Bu esa ham partiya faoliyatiga, ham uning a’zolari va elektorati vakillariga qulayliklar yaratadi.
M.Komilova, O‘zA