Yurtimizda iqtisodiy islohotlarning natijadorligini oshirish borasida kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotir. Shu sabab bu borada iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amalda keng qo‘llash, ulardan foydalanishda “Elektron hukumat” tizimining tatbiq etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahriddin Bozorov tizimda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda olib borilayotgan raqamlashtirish jarayoni haqida quyidagilarni gapirib berdi:
Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va raqamlashtirish doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi mutaxassislari tomonidan “NKMK” AJ da 2023-2030 yillarga mo‘ljallangan Raqamli transformatsiya strategiyasi loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlari doirasida belgilangan loyihalar to‘liq bajarilmoqda.

Raqamli texnologiyalardan foydalangan holda operatsion samaradorlikni oshirish hisobiga 2024 yil 273 milliard so‘m iqtisodiy samara ko‘rildi. Yoqilg‘i moylash materiallarini tejash maqsadida kombinatda transport vositalari va mexanizmlarini avtomatik monitoring tizimi doirasida 3700 dan ortiq transport vositalariga avtomatik o‘lchov va nazorat vositalari o‘rnatilishi hisobiga oxirgi ikki yilda 21 301 tonna dizel yoqilg‘isi yoki 265 milliard so‘m iqtisod qilindi.

Texnologik ko‘rsatkichlarni optimallashtirish, ishlab chiqarish hajmi va samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish maqsadida kombinatda texnik va texnologik yangilanish, modernizatsiya va avtomatlashtirish, ishlab chiqarishga sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Qoraqo‘ton va Gujumsoy yer osti konlarini raqamlashtirish”ni joriy etish ana shunday loyihalardan biridir. Loyihaga ko‘ra, yer osti konlarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash, xodimlar va texnikalarning mehnat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish tizimlari joriy etildi.

Uning afzalligi shundaki, yer osti kon ishlarida havo changi darajasi, harorat va namlik, favqulodda vaziyatlarda xodimlar va kon texnikalarini qidirish hamda joylashuv koordinatasini aniqlashni nazorat qiladi va boshqaradi. Shuningdek, shaxtadagi kon-transportlari va xodimlarning to‘qnashuvini oldini olish maqsadida xavfsiz oraliq masofani ta’minlashi bilan o‘z samarasini bermoqda. Eng muhimi, bu loyiha xodimlarning salomatligi va jismoniy holatini aniqlash hamda nazorat qilishning intellektual axborot tizimi hisoblanadi.

Bugungi kunda ishlab chiqarishning turli jabhalarida sun’iy intellektni qo‘llash tobora kengayib boryapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 oktyabrdagi “2030 yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tog‘-kon sanoatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning global tendensiyalari tahlil qilindi. Unda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlar va xizmatlar ulushini ko‘paytirish, texnik infratuzilmani kengaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish kabi qator chora-tadbirlar belgilangan.
Bugungi kunda “NKMK”AJ sohaning yetakchi korxonasi sifatida 2030 yilgacha mo‘ljallangan raqamli strategiyasini amalga oshirmoqda. Ushbu strategiya maqsadlariga erishish uchun korxona hozirdan raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etgan holda bir qator yechimlarni qo‘llamoqda. Jumladan, ilg‘or xalqaro tajribaga asoslanib, sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish orqali optimallashtirilishi mumkin bo‘lgan asosiy ishlab chiqarish va yordamchi jarayonlarni aniqlash ko‘zda tutilgan. Sun’iy intellektdan foydalanish bugungi kunda kompaniyaning yanada barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun strategik yo‘nalish hisoblanadi.
“NKMK” AJ Kadrlar boshqarmasi xodimlari sun’iy intellektga asoslangan ilg‘or vositalardan foydalanmoqda. Bu ularga kundalik vazifalarni tez va samarali bajarishga yordam berib, yuqori ish sifatini ta’minlash va ularning ishdan qoniqish darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Xodimlarni boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish kadrlar ma’lumotlarini nazorat qilish, o‘quv dasturlari va test sinovlarini tuzish, xodimlar uchun so‘rovnomalar o‘tkazish, turli hujjatlarni yaratish kabi jarayonlarni avtomatlashtirish imkonini beryapti. Shuningdek, sun’iy intellekt Inson resurslari departamenti mutaxassislari uchun katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, tendensiyalarni aniqlashda ishonchli yordamchiga aylanadi, bu esa xodimlarni ishga qabul qilish, o‘qitish va rivojlantirish bo‘yicha yanada asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
“NKMK” AJda Sun’iy intellektdan foydalangan holda “Video-tahlil asosida shaxsiy himoya vositalarini boshqarish” axborot tizimining joriy etilishi esa ishlab chiqarish maydonlarida sodir bo‘ladigan jarohatlanishlarni kamaytirishga olib kelmoqda. Uning afzalliklari shundaki, video kuzatuv tizimi yordamida ishlab chiqarish maydonini doimiy masofaviy nazorat qilishni ta’minlaydi.
So‘nggi yillarda “NKMK” AJ tarkibidagi Shimoliy kon boshqarmasida ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish borasida amaliy ishlar izchil ravishda olib borilmoqda. Jumladan, kon texnikasiga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini samarali boshqarish maqsadida 1S:TOiR (Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash) axborot tizimi joriy etildi.
Hozirda 1S:TOiR tizimi orqali 100 dan ortiq avtosamosval, ekskavator va burg‘ilash uskunalari qamrab olingan.
Tizimning muhim afzalliklaridan biri – mobil ilova orqali texnik ko‘rik natijalarini real vaqtda yuborish, avtomatik ravishda yoki dispetcher nazorati ostida ta’mirlash buyurtmalarini shakllantirish imkoniyatidir. Shu orqali qog‘ozbozlik kamayib, ta’mirlash ishlari vaqtida va sifatli bajarilishi ta’minlanmoqda.
Bugungi kunda 1S:TOiRning server va infratuzilmasi to‘liq ishga tushirilgan bo‘lib, ta’mirlash bo‘yicha barcha ichki hujjatlar, hisobotlar va texnik kartalar tizim orqali shakllantirilmoqda.
Har qanday korxonada barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash uchun texnologik jarayonlarni modernizatsiya qilish yo‘llarini izlash talab etiladi. Bu boradagi yana bir istiqbolli yo‘nalishlardan biri 7-gidrometallurgiya zavodida sun’iy intellektning joriy etilishidir. Mazkur loyiha texnologik jarayonlarning samaradorligi va barqarorligini oshirish uchun qo‘l kelmoqda.
Sun’iy intellekt tizimlari real vaqt rejimida katta hajmdagi ma’lumotlar va texnologik jarayonlarning borishini tahlil qilish imkoniyatiga ega. Bu esa o‘z navbatida zavod texnologik jarayonlarining barqarorligini ta’minlash, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarni optimallashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash, mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida zavod texnologik uskunalarining (maydalagichlar, tegirmonlar, nasoslar va boshqalar) ish holatini kuzatish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni oldindan aytish mumkin. Bu uskunalarning to‘xtab qolish vaqti va ta’mirlash xarajatlarini kamaytiradi, shuningdek, o‘z navbatida uskunalarning xizmat qilish muddatini uzaytiradi.
Bu kabi raqamlashtirish ishlari nafaqat samaradorlikni oshirmoqda, balki mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik, resurslarni tejash va ishlash muhitini yaxshilashga ham xizmat qilmoqda.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.