Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish va barcha sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Binobarin inson omilini qisqartirib, shaffoflikni ta’minlash va faoliyatda korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bunday illatlarga murosasiz kurashish dolzarb vazifa ekanligini davr taqozo etmoqda.

Bu borada Namangan viloyatida bozorlar va savdo majmualarini raqamlashtirish ishlari jadallashtirilib, “Yo‘l xarita”larida belgilangan loyiha va zarur tadbirlar to‘liq bajarilmoqda.
Viloyat bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini muvofiqlashtirish uyushmasining ma’lum qilishicha, hozirga qadar Namangan shahridagi “Chorsu dehqon universal bozori”, “Yoshlik baraka bozori”, “Yashil dehqon bozori”, tumanlardagi Norin, Uychi, Yangiqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on dehqon bozorlari, “Uychi Yorqo‘rg‘on baraka bozori”, “Shohidon dehqon bozori”, “Bekobod baraka majmuasi”da raqamlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi.

Viloyat markazida joylashgan eng gavjum savdo nuqtasi hisoblangan “Chorsu dehqon universal bozori”da bozor ma’muriyati, Namangan shahar hokimligi, viloyat statistika boshqarmasi, viloyat bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini muvofiqlashtirish uyushmasi hamda sohaga daxldor boshqa tashkilotlar hamkorligida raqamlashtirish ishlari olib borildi.
– Mazkur loyihani ro‘yobga chiqarish uchun o‘tkazilgan tender natijalariga asosan bozor ma’muriyati hamda “Tech Data Soft” korxonasi o‘rtasida poliz va yashil mahsulotlar rastasini raqamlashtirish uchun 300 million so‘mlik shartnoma imzolandi. Jihozlarni sotib olishga 166 million so‘m mablag‘ o‘tkazilib, maxsus apparatlar o‘rnatildi. Ya’ni, ilk bosqichda 144 do‘kon va savdo o‘rni alohida abonent sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shuningdek, zira va don mahsulotlari rastasi ham raqamlashtirilib, savdo joylari bo‘yicha raqamlash, kuzatuv kameralarini o‘rnatish va sozlash ishlari bajarildi. Qayd etish darkor, “Chorsu dehqon universal bozori” aksiyadorlik jamiyatidagi dastlabki o‘rganishlarda 48 nafar fuqaro noqonuniy ish yuritib kelganligi, 71 yakka tartibdagi tadbirkor hujjatlarda faoliyatini to‘xtatib, amalda esa bozorda o‘z ishini davom ettirib kelganligi aniqlangan. Raqamlashtirish ishlaridan keyin, mazkur tadbir o‘z samarasini berdi. Bozorning bir oylik tushum miqdori 200 million so‘mga kamayib, 800 million so‘mga yetdi. Kelgusida ushbu bozorning qolgan rasta va turg‘un savdo shoxobchalari ham raqamlashtiriladi, – deydi “Chorsu dehqon universal bozori” boshqaruvchisi Nodirbek Dadaboyev.

E’tiborlisi, viloyat statistika boshqarmasi tashabbusi bilan bozorlarda beshinchi narx o‘rta kuzatuvini o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Yaqinda “Chorsu dehqon universal bozori” misolida ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytilganidek, mazkur yangi elektron tizimdan maqsad bozor va do‘konlardagi mahsulotlarning minimal, maksimal va o‘rtacha narxlarini aniqlashdir.
Yangi kuzatuv orqali haftalik iste’mol narxlari indeksi hisob-kitoblari amalga oshirib boriladi. Namangan viloyati bo‘yicha iste’mol narxlar indeksiga tushgan shahar, tumanlar soni to‘rttani tashkil qiladi. Ushbu hududlarda kuzatuvdagi jami 510 tovar va xizmatlardan qisqa muddatli iste’mol narxlar indeksini hisoblash uchun 65 turdagi tovarlar va xizmatlar narxlari haftalik o‘rganib boriladi. Mazkur shahar, tumanlar hududlarning joylashuvi, aholi soni hamda chakana tovar aylanmasidan kelib chiqqan holda tanlab olinadi.

Kuzatuvlar jarayoni aholining kundalik iste’molida muhim o‘rin tutadigan asosiy mahsulotlar narxlarini muntazam o‘rganish, narxlar barqarorligini tahlil qilish va iqtisodiy to‘g‘ri qarorlar qabul qilishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Xullas, bozorlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillar bartaraf etilmoqda. Bunda bir martali yig‘imlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni inson omilisiz, xususan onlayn “QR” kod bilan tasdiqlanadigan to‘lash tizimini barcha savdo nuqtalarida joriy etilishi ta’minlanmoqda. Bozorlarda tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish tizimi raqamlashtirilmoqda. Bozorlar atrofidagi avtoturargohga kirish-chiqishni nazorat qilish va tirbandlikning oldini oluvchi elektron kuzatuv tizimi joriy etilyapti. Bunday choralar “Raqamli bozor” va “Xavfsiz bozor” tamoyillari asosida olib borilayotgani e’tiborga molik.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.