Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamlashtirish – korrupsiyaviy holatlarning oldini olishning asosiy sharti
16:51 / 2025-10-23

Samarqand viloyat prokuraturasida viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish, bu borada “Samarqand tajribasi” yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Sarvar Bozorov davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 5 mart kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish va bu illatga qarshi murosasiz kurashish borasidagi ishlar yuzasidan axborot berdi.

– Korrupsiya holatlarini tahlil qilish va oldini olish maqsadida viloyat prokuraturasi mahkamasi xodimlari viloyat miqyosidagi 88 ta tashkilotga, tuman va shahar prokuraturasi xodimlari tuman, shaharlardagi tashkilotlarga biriktirildi, – dedi S.Bozorov. – Har oy korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan bitta davlat tashkilotida korrupsiyaviy omillar to‘liq o‘rganilib, natijalari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, aprel-sentyabr oylarida viloyat soliq, kambag‘allikni qisqartish va bandlik, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimida o‘rganishlar o‘tkazildi. Mazkur o‘rganishlar tahlil qilingan hududiy kengash yig‘ilishlarida 274  nafar xodim intizomiy,  20 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi, 21 nafar xodim rotatsiya qilindi va 35  nafari ishdan bo‘shatildi.

Ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratish, huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish maqsadida prokuratura, sud, ichki ishlar va adliya idoralari xodimlari viloyatdagi maktablarga biriktirildi. Ular har hafta juma kuni ma’naviyat soatlari negizida 6-sinfdan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini olib bormoqda. Dars mashg‘ulotlari o‘tish uchun 6-7, 8-9 va 10-11 sinflar uchun “Halollik  va  to‘g‘rilik” nomli o‘quv qo‘llanmalari tayyorlandi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida “Samarqand tajribasi”ni yaratish maqsadida sohalar bo‘yicha faoliyatni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Sam - bozor” (raqamli bozor) dasturi ishlab chiqilib, viloyatdagi 19 ta bozor faoliyatiga tatbiq etildi.

– Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2024 yil iyul oyida 19 ta bozorning oylik o‘rtacha tushumi 4,2 milliard so‘mni tashkil qilgani holda ushbu dastur ishga tushirilishi natijasida joriy yilning iyul oyida tushum miqdori 6,7 milliard so‘mga yetdi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Musurmonov. – Noqonuniy faoliyat yuritayotgan 760 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qonuniylashtirilib, yaratilgan 869  ta ish o‘rinlarida fuqarolarning qonuniy bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, viloyatda mavjud 56 ta avtoturargoh raqamlashtirilib, “Hik - Sentral” dasturi o‘rnatilgach, avtomashinalar kirib-chiqishi jarayonidagi maishiy korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga barham berildi. Buning natijasida 2024 yilning 7 oyida avtoturargohlardan 2,3 milliard so‘m tushum qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilning 7 oyida  tushum miqdori 6,9  milliard so‘m bo‘ldi.  

Viloyat soliq boshqarmasida situatsion markaz tashkil etilib bozorlar va avtoturargohlar faoliyati to‘liq nazorat  qilinmoqda.

Elektr energiyasi ta’minotidagi korrupsion holatlarning oldini olish uchun Samarqand tumani va Samarqand shahri elektr tarmoqlari korxonasining 54 nafar xodimiga bodikamera va planshet berildi. Bu chora tufayli ikki  hududda iyul oyida 7,9  milliard so‘mlik 389 holat aniqlandi. Ungacha esa, masalan, aprel oyida jami 625 million so‘mlik 47 ta noqonuniy holat qayd etilgan edi.

Bundan tashqari, viloyatdagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash jarima maydonchalari, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transport korxonalari, suv taqsimlash inshootlari, tibbiyot birlashmalari, davlat  mehnat  huquq  inspektorlari, tajriba sifatida Samarqand  va  Oqdaryo tumanlari soliq inspeksiyalari inspektorlari faoliyati raqamlashtirilib, korrupsiyaviy holatlarning oldi olindi.

Matbuot anjumanida shuningdek, viloyatda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasidagi ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri