Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish — muhim vazifa
12:23 / 2026-02-13

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Nurli manzil” nasos stansiyasida suv xo‘jaligi ob’ektlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) mexanizmlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbariyati, markaziy apparat xodimlari, nasos stansiyalari va energetika bo‘limi mutaxassislari, xususiy sektor vakillari ishtirok etishdi. Muhokamalar markazida — suv xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv bosqichiga olib chiqish masalasi turdi.

Seminarda nasos agregatlari ish faoliyatini masofadan monitoring qilish, energiya sarfini onlayn nazorat qilish, nosozliklarni sun’iy intellekt orqali oldindan prognoz qilish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, raqamlashtirish orqali elektr energiyasi sarfini 10–15 foizgacha qisqartirish, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish va inson omili bilan bog‘liq xatolarni minimallashtirish mumkin.

“Nurli manzil” nasos stansiyasi bugun “Yulduz chorva dalalari” MCHJ bilan tuzilgan davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida faoliyat yuritmoqda. Stansiyada 6 dona nasos agregati o‘rnatilgan bo‘lib, umumiy quvvati 960 kVt/soatni tashkil etadi va 1000 gektar yer maydoni kafolatli sug‘orish suvi bilan ta’minlanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik munosabatlari “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun asosida tartibga solinadi. Ushbu mexanizm orqali davlat infratuzilma ob’ektlariga xususiy investitsiyalarni jalb etadi, xususiy sherik esa loyihani moliyalashtirish, modernizatsiya qilish va samarali boshqarish orqali o‘z sarmoyasini qaytarish imkoniga ega bo‘ladi. Xalqaro moliya institutlari ma’lumotlariga ko‘ra, suv xo‘jaligi va irrigatsiya sohasida DXSH loyihalari joriy etilganda ekspluatatsiya samaradorligi oshadi, xarajatlar qisqaradi va xizmat sifati yaxshilanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar nasos stansiyalari bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik modeliga o‘tkazilsa, birinchi navbatda texnik qayta jihozlash tezlashadi, energiya tejovchi uskunalar joriy etiladi va byudjet yuki kamayadi. Shu bilan birga, xususiy sektorning menejment tajribasi hisobidan suv yetkazib berish barqarorligi ta’minlanadi. Biroq bunda tarif siyosati, ijtimoiy majburiyatlar va suv resurslaridan oqilona foydalanish ustidan davlat nazorati saqlanib qolishi muhim omil sifatida qayd etildi.

Seminar yakunida suv xo‘jaligi tizimida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, sun’iy intellekt elementlarini amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etish hamda davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash joiz, suv — strategik resurs. Uni samarali boshqarish esa nafaqat agrar tarmoq barqarorligi, balki oziq-ovqat xavfsizligi va hududiy rivojlanish bilan ham bevosita bog‘liq. “Nurli manzil” tajribasi shu jihatdan sohada yangi boshqaruv modeli shakllanayotganining amaliy namunasi sifatida ahamiyat kasb etadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri