O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – har bir fuqaroga munosib hayot tarzini ta’minlash yo‘lida adolatli ijtimoiy muhofazani tashkil etishdir.
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash bo‘yicha davlat xizmatini oshirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashda keksa, mehnatga layoqatsiz, boquvchisini yo‘qotgan aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini bosqichma-bosqich isloh qilishda va bu borada fuqarolarga pensiyalarni tayinlash yuzasidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada yaxshilash hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Endilikda aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida bir qancha normativ hujjatlar qabul qilinmoqda, ularning barchasi fuqarolarning biron bir xizmatlardan foydalanganlarida vaqtlarini sarflamaslik hamda ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini olishga qaratilgandir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 iyundagi «Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijtimoiy muhofaza sohasida yangi bosqichni belgilab berdi. Ushbu hujjat orqali pensiya tayinlash, ijtimoiy yordam va moliyaviy xizmatlar jarayonlarini raqamlashtirish, zamonaviy elektron va onlayn xizmatlarni joriy etish bo‘yicha amaliy choralar belgilanmoqda.
Ushbu farmon bo‘yicha raqamlashtirish hamda yangicha yondashuv asosida ishni tashkil etish belgilab berildi. Unga ko‘ra fuqarolarning pensiyaga oid ma’lumotlarini to‘liq raqamlashtirish maqsadida, 2025 yil 1 oktyabrga qadar Majburiy ijro byurosi ijro jarayonida undiruvni pensiya to‘lovlariga qaratishdan avval dastlab fuqarolarni xabardor qilish tizimini joriy etdi.
2025 yil 1 noyabrga qadar mudofaa ishlari organlarida ro‘yxatda turgan va pensiya tayinlanayotgan fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tagan davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Pensiya jamg‘armasi axborot tizimiga taqdim etish bo‘yicha integratsiya qilish choralarini ko‘rish, 2025 yil iyul-oktyabr oylari davomida hokim yordamchilari har bir mahalladagi «mahalla yettiligi» bilan birgalikda fuqarolarning mehnat daftarchasi ma’lumotlarini tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali raqamlashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, 2026 yil 1 avgustga qadar fuqarolarning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirish va davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolarning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vazirlikning elektron bazasiga yuborish imkoniyatini yaratish vazifasi belgilab berildi.
2025 yil 1 martdan boshlab fuqarolarga yoshga doir, “Fuqarolarning davlat pensiya taminoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasi, ya’ni erkaklar 60 yoshga, ayollar esa 55 yoshga to‘lishi munosabati bilan ularning alohida murojaati talab etmagan holda, 2025 yil 1 iyuldan esa nogironlik pensiyalari proaktiv shaklda pensiyalar tayinlab kelinmoqda. Bunda, yoshga doir va nogironlik pensiyalari Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralararo axborot almashuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji va ish haqi hamda boshqa ma’lumotlariga asosan davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartib va me’yorlarga muvofiq xisoblanadi va tayinlanadi. Hozirgi kunda joriy etilgan zamonaviy xizmatlar hisobiga yoshga doir pensiyalarning 62 foizi, nogironlik pensiyalarni 100 foizi proaktiv shaklda tayinlanishiga erishilmoqda.
Fuqarolarga yoshga doir, nogironlik pensiyalarini ularning murojaati talab etmagan holda, proaktiv shaklda pensiya tayinlash uchun ularning mehnat daftarchalaridagi mavjud mehnat faoliyati “Yagona milliy mehnat tizimi” IDAKga to‘liq kiritilishi lozim bo‘ladi. Bunda fuqaro hozirgi kunda ishlayotgan bo‘lsa, ish joyidagi kadrlar bo‘limiga murojaat etishlari lozim bo‘ladi. Agar fuqaro mehnat faoliyatini yuritmayotgan ya’ni ishsiz bo‘lsa, o‘zlari yashab kelayotgan tuman Bandlikka ko‘maklashuvchi markazlariga murojaat qilgan holda bepul ravishda mehnat daftarchalari ma’lumotlarini raqamlashtirishlari mumkin bo‘ladi.
Fuqarolarga proaktiv shaklda pensiya tayinlashda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali «Yagona mehnat milliy tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish lozim, ishlaydigan fuqarolarning mehnat faoliyati korxonaning kadrlar bo‘limi tomonidan YAMMT bazasiga kiritilishi lozim. Pensiya jamg‘armasi xodimlari esa elektron so‘rov yuborgan holda, xar bir fuqaro bo‘yicha elektron ma’lumotlar olinadi va shu asosida pensiya tayinlash amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi.
Endi, fuqarolar o‘zlarini mehnat daftarchalarini raqamlashtirishning afzalliklari haqida aytadigan bo‘lsak, avvalom bor qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalaridagi ma’lumotlar, elektron shaklga o‘tadi, mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlar xavfsiz saqlanish imkoni yaratiladi. Bu esa fuqarolarga pensiya tayinlashda mehnat staji avtomatik tarzda aniqlanadi, ularning ortiqcha vaqti sarfi tejaladi, mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlar davlat tomonidan tasdiqlangan rasmiy elektron hujjat hisoblanadi. Agar ayrim sabablarga ko‘ra fuqaro mehnat daftarchasini yo‘qotib qo‘ygan taqdirda ham elektron mehnat daftarchasi bo‘yicha kelajakda unga pensiya tayinlash imkoni mavjud bo‘ladi.
Bularning barchasi fuqarolarga davlat pensiyasini tayinlashda ularning ortiqcha ovoragarchiliklarini bartaraf etish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, ularga adolatli pensiya tayinlashdan iborat.
Yakuniy xulosa qilib aytganda, Prezidentning farmoni ijtimoiy himoya tizimini zamon talablariga mos ravishda yangilash, davlat xizmatlarini fuqarolarga yaqin va foydali shaklda taqdim etishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat nafaqat pensiya va ijtimoiy to‘lovlarni tayinlash jarayonlarini avtomatlashtirishni ta’minlaydi, balki Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy ta’minot huquqining amaliy kafolatini kuchaytiradi. Yangi elektron xizmatlar, ochiqlik va fuqarolar bilan bevosita muloqotning yo‘lga qo‘yilishi aholining davlatga ishonchini mustahkamlaydi hamda ijtimoiy adolat va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Gulnora MURODOVA,
Pensiya jamg‘armasining Toshkent shahar, Sergeli tuman bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA