Joriy yilning 15 yanvaridan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning onlayn bosqichi start oldi. Ushbu jarayon mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishga qaratilgan muhim davlat tadbiri hisoblanadi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish muayyan vaqt kesimida aholi soni, tarkibi, xo‘jalik yuritish shakllari, yer va ishlab chiqarish resurslari haqida to‘liq ma’lumot to‘plash imkonini beradi. BMT, Jahon banki va FAO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazishni tavsiya etib, uni ijtimoiy siyosat, infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda agrar sohani rivojlantirishda asosiy manba sifatida e’tirof etadi.

O‘zbekistonda ro‘yxatga olishning onlayn shaklda tashkil etilishi jarayonni soddalashtirib, aholi uchun qulaylik yaratmoqda. Fuqarolar OneID yagona identifikatsiya tizimi orqali shaxsini tasdiqlab, census.stat.uz portalidagi savolnomalarni mustaqil to‘ldirishi mumkin. Bu esa vaqt tejalishi bilan birga, ma’lumotlarni yig‘ishda inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi. Onlayn bosqich 17 kun davom etadi.

Jarayonda davlat idoralarining faol ishtiroki ham e’tiborga molik. Xususan, Jizzax shahar hokimligi xodimlarining ro‘yxatdan o‘tishda ilk qatnashchilardan bo‘lishi jamoatchilikda ishonchni mustahkamlab, fuqarolarni faollikka chorlashga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, ro‘yxatga olish natijalari demografik holatni xolis baholash, mehnat bozori ehtiyojlarini aniqlash, qishloq xo‘jaligida resurslardan samarali foydalanishni rejalashtirish uchun mustahkam asos yaratadi. Eng muhimi, bu ma’lumotlar davlat boshqaruvida intuitiv yondashuv o‘rniga aniq raqamlar va tahlillarga tayanish imkonini beradi.

Shu bois, har bir fuqaroning mazkur jarayondagi ishtiroki shaxsiy mas’uliyat bilan birga, mamlakat kelajagi uchun qo‘shilayotgan amaliy hissa sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA