Toshkent shahrida qilichbozlik bo‘yicha U17 O‘zbekiston chempionati doirasida rapira yo‘nalishida yakkalik va jamoaviy bahslar o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlari finalida Serdar Po‘latov va Roman Salak o‘zaro to‘qnash keldi. Keskin va murosasiz o‘tgan mazkur bahsda Serdar g‘alaba qozonib mamlakat chempioniga aylandi. Darvoqe, final ostonasida mag‘lubiyatga uchragan Muhammadqodir To‘lqinov va Kamron Masharifzoda bronza medal bilan taqdirlandi.

Qizlar orasida Aneliya Kildeyeva, Asal Karimova, Sabina Adashaliyeva hamda Munisa Asranova shohsupaga ko‘tarildi.
Shuningdek, jamoaviy bahslarda Toshkent shahrining uchta jamoasi ham yigitlar, ham qizlar o‘rtasida oltin, kumush va bronza medaliga ega chiqdi. Farg‘ona jamoasi esa har ikkala yo‘nalishda uchinchi pog‘onani egalladi.
Chempionat davom etmoqda. Bugundan e’tiboran sablya yo‘nalishidagi bahslarga start berildi. Unda ham yakkalik va jamoaviy dasturlarda g‘olib hamda sovrindorlar nomi aniqlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA