Rapirachilar bahsi qizg‘in o‘tdi
Toshkent shahrida qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo chempionati doirasida rapira yo‘nalishidagi jamoaviy bellashuvlar tashkil etildi.
Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarida Ibrohim Nazriyev, Gleb Pravedniy, aka-uka Muhammadamin hamda Muhammadziyo Shukurjonovlardan iborat “National Club” jamoasi (O‘zbekiston) oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu yo‘nalishda Farg‘ona va Toshkent jamoalari shohsupaga ko‘tarildi.
Qizlar orasidagi jamoaviy bellashuvlarda Qozog‘iston – 1 jamoasi chempionga aylangan bo‘lsa, “National Club” va Toshkent – 1 jamoalari g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, bugun va ertaga musobaqa doirasida sablya bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA