Toshkent Fotosuratlar uyida yosh iste’dodli rassom Alisher Hamdavomning “Ranglarda yashovchi hislar” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada ijodkorning 50 ortiq rangtasvir asarlari namoyish etildi.
Alisher Hamdamov 1986 yilda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. P.Benkov nomidagi respublika rassomlik kolleji hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Mahobatli rangtasvir” fakultetida tahsil oldi. O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.
Tadbirda qayd etilganidek, Alisher Hamdamov yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘zining uslub va manerasiga ega. U rangtasvirning bir qator janrlari va yo‘nalishlarida o‘ziga xos kartinalar yaratadi. Ba’zi bir kartinalarida janrlar, yo‘nalishlar qorishig‘ini ham kuzatishimiz mumkin.
[gallery-25694]
Rassom asarlari kompozitsiyasida yechim juda ustalik bilan, ranglar esa yorqin, tomoshabin hissiyotlariga tezlik bilan ta’sir etadigan darajada jarangli.
Ijodkorning aksar ishlarida ranglarni berish va mazoklarni qo‘yish manerasi shiddatli tarzda kechadi. Jumladan, “Manzilli safar”, “Muloqot” kabi asarlari go‘yo bir-birining ustidan savalab tushayotgan mazoklar uyg‘unlashib, musiqiy simfoniya chalayotgandek tuyuladi.
“Mutolaa” asarida issiq yoki sovuq ranglarning o‘zaro munosabatidan ba’zan bahorning iliq, yoqimli yellari esib tursa, ba’zida karvonlarning qo‘ng‘iroqlari sasi eshitilib turadi go‘yo.
Kompozitsiyalar mavzulari ham xilma-xil bo‘lib, ularni sharhlashda rassom ramziy-ishoraviy unsurlar, vositalardan unumli foydalana olgan va asar mohiyatini yanada yorqinroq ochib bergan.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA